Qarang, mustaqil nafas olayotganimizga 23 yil bo‘libdi! Go‘yo hammasiga bir hatlab yetgandaymiz... Biroq, bu yillar tilga kirganda, o‘zbekning qancha mashaqqatli mehnati, fidoyiligi, matonati, elsevarligi, vatanparvarligini asrlarga tatigulik asar qilib, so‘zlab berardi... Ortga nazar tashlasak, yutuqlarimiz sarhisobidan dil yayraydi. Sport, madaniyat, ishlab chiqarish, savdo-sotiq, dehqonchilik, sanoat... har sohada bo‘y cho‘zish bor! El tilida aytganda, baraka bor! Bilimli yoshlarimiz salohiyati, yuksak ma’naviyatiga dunyo havasmand! Xalqning birligini ko‘rib ko‘z quvnaydi.
Vatanimiz yo‘lida uch buyuk hamrohimiz bor: Do‘stlik, Hamkorlik, Taraqqiyat!
Baralla aytging keladi: ”Uni-buni qo‘y, avvalo, O‘zbekdek bo‘l, dunyo!”
Yurtboshimiz tanlagan oqil va adolatli yo‘l bizni baxtli hayot sari chorlayotganini kim inkor eta oladi?
Tahlikali, tahdidli, turli nuqtalarda kechayotgan ur-suron zamonda tinchlik osmoni ostida xotirjam umr sahifalarini varaqlash Yaratganning ham o‘zbek eliga muhabbatidan bir nishona bo‘lsa kerak! Ta’bir joiz bo‘lsa, Alloh suygan, Uning nazari tushgan makonlarda quyosh jilmayadi, oy kuladi, suvlar sharqirab oqadi, el to‘yu tantanadan shodmon bo‘ladi!
Mustaqillik! U bergan qadr-qimmat, tinch va osuda hayot hamda cheksiz imkoniyatlar shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir vatandoshimizning qalbida ulkan shukronalik koshonasini bunyod etishga ulgurdi.
Bugun har bir o‘zbek bir-birini dunyo O‘zbek xalqini Eng ulug‘, Eng aziz bayramimiz bilan qutlamoqda! Abadiy bo‘lsin!
Jasur HAMROYEV
|