Bugungi kunda kuylanayotgan qo‘shiqlarni kliplarsiz tasavvur
etish ham mumkin-u, ammo muxlislar qo‘shiq mazmunidan kelib chiqib tasvirga olingan
"mini-film”ni tomosha qilib aniq taassurotlarga ega bo‘lishlari va shunga ko‘ra
xulosa yasashlari ham bor gap.
Xo‘sh, ayni kunda tajribali va ko‘p tilga olinayotgan klipmeykerlar kimlar va ular
yaratayotgan kliplarga kamida qancha mablag‘ sarflanadi?
Taniqli shou-biznes vakillari bilan bu galgi munozaramiz shu
xususda kechdi.
Xonanda Ulug‘bek Rahmatullaevning matbuot kotibidan bu haqda
so‘raganimizda, u moliyaviy ma’lumotlarni oshkor qilishni istamadi. Sardor Rahimxon
esa Narimon Sultonxo‘jaev suratga olib bergan "Mohitobonim” klipi uchun taxminan
yigirma million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanganini aytdi.
Hosila Rahimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
— Klipni eng qimmat suratga oluvchi
rejissyor sifatida Nozim Jumaevni tilga olgan bo‘lardim. Lekin tan olish kerak,
Nozim Jumaev qimmat suratga olsa ham, ketgan xarajatni oqlab, sifatli va chiroyli
klip yaratib bera oladi. Bunga oxirgi "Roksana” qo‘shig‘imga o‘ttiz besh million
so‘mga klip suratga oldirib, amin bo‘ldim.
P/S: Asosiy mablag‘ dekoratsiya va qahramonlarga yangi liboslar tiktirilganligi
uchun umumiy byudjet shuncha so‘mni tashkil etdi. "9999” studiyasi bilan hamkorlikdagi
eng qimmatga tushgan klipim "To‘maris”dir. Bu klip uchun o‘n ikki million so‘m
ketgan.
Shuhrat Qayumov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
— Oxirgi "Baxtim, seni kutganman
uzoq” qo‘shig‘im klipiga ketgan mablag‘ meni esankiratib qo‘ydi. Nahotki, bitta
klipga shuncha pul ketsa…
P/S: Xonanda klip byudjeti necha so‘mni tashkil etganligini
aytmadi. Ammo rejissyorlarning ma’lumot berishicha ushbu klipga kamida uch yoki
to‘rt million so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lishi kerak. Jumladan, shuni aytib o‘tish
kerakki, xonanda Shuhrat Qayumov qo‘shig‘iga suratga olingan kliplar syujeti,
mazmuni sodda va tushunarli bo‘lsa-da, ularga ko‘pincha oddiy, eskicha usulda
suratga olinganligi uchun unchalik esda qolarli emasdek... Ya’ni xonanda ijodida
mazmunan har xil bo‘lgan kliplar faqat bir rejissyor tajribasi va fantaziyasidan
foydalangan holda suratga olinib kelinganligi seziladi.
QISQAChA MA’LUMOT:
Kliplar ham kino singari komediya, melodramma kabi
janrlarga, trekli, syujetli, myuzikl kabi turlarga bo‘linadi. Trekli klip
—musiqali nomer (musiqali chiqish)dir. Bunday kliplarda — qo‘shiqqa mos qurilgan
dekoratsiyalarda, yashil yoki oq fonda, chiroyli manzarada xonandaning kuylashi,
raqqosaning raqsga tushishi va qo‘shiq uslubiga xos harakatlari suratga olinadi.
Syujetli klip turida esa asosan qo‘shiq matniga xos kirish, voqelar rivoji, kulminatsiya
va yechimga asosan voqea o‘ylab topilib, suratga olinadi. Myuzikl kliplari
voqealar davomida dialogdan foydalanilgan holda suratga olinadi.
Klipmeykerlar nima deydi?
Suhbat davomida yana bir savolning javobi bilan qiziqdik, ya’ni
ayrim klipmeykerlar yurtimizda suratga olish mumkin bo‘lgan ko‘plab xushmanzara
joylar qolib, nuqul to‘rt devor ichida dekoratsiya qurib ishlashlari va buning uchun
katta mablag‘ ketadi deyishlari g‘alati. Bu savolga javobni klipmeykerlarning o‘zidan
olsak.
Narimon Sultonxo‘jaev, operator va rejissyor:
— Aslida, klip byudjeti qanchalik katta bo‘lsa,
suratga olish jarayonida sharoit va imkoniyatlar shunchalik yaxshi bo‘ladi. Klipga
ajratilgan mablag‘ga, ssenariyga qarab texnikadan foydalaniladi. Ijodiy
jamoadagi xodimlar, ya’ni dizayner, dekorator, rassom, pardozchi (grimmchi) tekinga
ishlamaydi-ku? Ularning mehnatiga yarasha haq to‘lashingiz kerak. Mablag‘ni san’atkorning
o‘zi sarflaydi. Demoqchi bo‘lganim, suratga olish jarayoni tugagunicha pul san’atkorlarning
o‘zida turadi. Shu sababli bitta klipga qancha mablag‘ ketishini hisoblab ko‘rmabman
ham. Bu borada klip oldirgan san’atkorlarning o‘zidan so‘rab ko‘rish kerak.
P/S: Narimon Sultonxo‘jaev eng qimmat suratga olgan klipi kamida necha so‘mni
tashkil etganligi haqida bizga aniq ma’lumot berishni istamadi. Uning aytishicha,
kliplar suratga olingunga qadar mablag‘ni san’atkorlarning o‘zi sarflar emish...
Ammo o‘zlari haqida aniq yozishimizni istamagan san’atkorlarning gapiga ko‘ra
Narimon Sultonxo‘jaev kamida o‘ttiz, qirq besh million so‘m atrofidagi mablag‘ evaziga
klip suratga olarkan. Lekin tan olish kerak, Narimon Sultonxo‘jaev suratga
olgan kliplar uning syujeti, mazmuni jihatidan qiziqarli va esda qolarlidir. Shuningdek,
bu borada Jasur Shametov yaratgan kliplarni ham inobatga olish mumkin.
Jasur Shametov, rejissyor, operator:
– Ochiq aytadigan bo‘lsam, hozirgi kunda eng arzon klip
suratga oluvchi rejissyor men bo‘lsam kerak. Bir narsaga hech tushunmayman, ba’zi
klipmeykerlar shuncha summaga klip suratga oldim deb maqtanadi yoki o‘zlariga yuqori
baho qo‘yib olishadi. Bilmadim, balki shunaqa "piar”ni ma’qul ko‘rishar?
San’atkorlar klipmeykerlar uchun uncha katta gonorar to‘lashmaydi.
Bizga odamlar o‘ylagandek katta gonorar to‘lashsa, milliarder bo‘lib ketamiz-ku
(kuladi). Men O‘zbekistonda qimmat klip suratga olmaganman. Ammo chet elda bo‘lgan
bunaqasi.
P/S: Rejissyor va klipmeyker Jasur Shametov bugungacha
juda ko‘p mashhur san’akorlar bilan hamkorlikda ijod qilib kelyapti. Shuningdek,
"Qalbim o‘g‘risi” filmini ham aynan rejissyor Jasur Shametov ijodiga tegishli.
Bugungacha klipmeyker Rayhon, Shahzoda, Nilufar Usmonova, Lola Ahmedova, Shoxruhxon,
rep qo‘shiqlari ijrochilaridan Shohrux va Shahriyor, Sardor Rahimxon va boshqa
ko‘plab san’akorlar bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirib kelyapti. Klipmeyker
o‘zi suratga olgan kliplar byudjeti necha so‘mni tashkil etganligi haqida bizga
ma’lumot berishni istamadi. Biroq, ayrim san’atkorlarning ma’lumot berishicha,
Jasur Shametovning eng qimmat suratga olgan klipi kamida o‘ttiz besh, qirq million
so‘mni tashkil etarkan.
Nozim Tolipov, rejissyor, operator:
— Eng qimmat klipim Shoira Otabekovaning
"Guli” qo‘shig‘iga ishlangan. Klipning umumiy byudjeti uch yarim million so‘mni
tashkil etgan. O‘ylab qarasak, rejissyorlar orasida eng arzon klip suratga oluvchi
rejissyor Nozim Tolipov shekilli.
Muhammadali Iskandarov, rejissyor, operator:
— Hozirgi kunda professional klipmeykerlardan
Jasur Shametov, Yodgor Nosirov, Rustam Murodov, Narimon Sultonxo‘jaevlar birinchilikni
egallab turishibdi. O‘zim suratga olgan kliplar haqida esa... Iltimos, shu
haqda yozmay qo‘yaqoling. Men bu reytingdan o‘z ixtiyorim bilan chiqib ketishni
istayman. Muxlislarimiz meni klipmeyker emas, rejissyor deb tan olishlarini xohlardim.
To‘g‘ri, kliplar suratga olayotganim rost. Lekin bu kliplar mening kinorejissyorlik
tajribamni orttirish uchun suratga olayotgan "mini-film”larimdir. Eng qimmat klipim
esa... Bu haqda aytmay qo‘ya qolay.
P/S: Uzunquloq gaplarga qaraganda esa Muhammadali Iskandarov suratga olgan
klipning umumiy byudjeti kamida o‘n besh, yigirma million so‘mni tashkil etarkan...
Prodyuserlar haqiqati
Feruza Nodirova, telejurnalist, prodyuser:
— Narimon Sultonxo‘jaev, Jasur Shametov, Yodgor Nosirovlar, qimmatmi arzonmi, bilmadimu,
lekin eng sifatli kliplarni suratga olishadi. Mana hozirgi kunda Shuhrat
Mavlonov o‘zini yaxshi klipmeyker sifatida ochishga harakat qilyapti. Otabek Mutalxo‘jaevning
eng qimmat suratga olingan klipimiz "O‘zga sayyoralik” bo‘ldi. Unga yigirma, yigirma
besh million so‘m sarflandi. Klipni Dilmurod Turdiboyev zamonaviy talablarga
javob beradigan holda suratga olib berdi.
Dilbar Ahmedova, prodyuser:
— Bugungi kunda eng qimmat kliplarni
Narimon Sultonxo‘jaev suratga olyapti. Tasavvuri boy, yosh bo‘lsa ham o‘ziga yarasha
tajribali. Ammo juda ham qimmat klip suratga olishi bois, hozirgi kunda cho‘ntak
ko‘tarmayapti... Lola Ahmedova ijodidagi eng qimmat klip uning "Baxtli sevgi”
qo‘shig‘iga suratga olingan. Klip byudjeti o‘n, o‘n ikki million so‘mni tashkil
etgan.
"Darakchi" gazetasi tomonidan muxlis va san’atkorlar
orasida o‘tkazilgan og‘zaki kichik so‘rovnomaga ko‘ra eng sifatli klip suratga
oluvchi rejissyorlarning qo‘yidagi reytingi tuzildi.
Demak, reyting bo‘yicha:
1. Narimon Sultonxo‘jaev (operator, prodyusser)
2. Jasur Shametov — (rejissyor, operator)
3. Yodgor Nosirov — (rejissyor, operator)
4. Nozim Jumaev — (rejissyor, operator)
5. "9999” studiyasi — (Xurshid va Nodir Sobirovlar — operator, rejissyor)
6. Nozim Tolipov — (rejissyor, operator)
7 Sardor Ahmedov — (rejissyor, operator)
8. Sarvar Karimov — (rejissyor, operator)
9. Javlon Shodmonov — (kinoaktyor, rejissyor va operator)
Manba:darakchi.uz