AQShda iPhone’ning so‘nggi modeli narxi 100 dollarga arzonlashtirildi
Dunyodagi eng yirik supermarketlar tarmog‘iga egalik qiluvchi Amerikaning Walmart kompaniyasi, Apple va Samsung kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan eng so‘nggi modellar narxi arzonlashgani haqida e’lon qildi. 31 mart kuni rasman sotila boshlangan iPhone SE ham ushbu ro‘yxatda bor.
Walmart xabariga ko‘ra, chegirmalar iyun oyi oxirigacha amal qiladi. Ular iPhone 6s va iPhone 6s Plus, shuningdek, Samsung Galaxy S6 va S7 smartfonlariga joriy qilinadi. Apple mahsulotlari belgilanganidan 100 dollar arzon sotilayotgan bo‘lsa, uning janubiy koreyalik raqobatchisi mahsulotlarini oz emas, ko‘p emas naq 150 dollar kam to‘lab, xarid qilish mumkin.
Alohida qayd etish lozim, chegirmali telefonlarni xarid qilish uchun AT&T, Verizon va Sprint kompaniyalaridan biriga mijoz bo‘lish talab etiladi. Amerika mobil aloqa bozorining to‘rtinchi yetakchisi T-Mobile dasturda qatnashmayapti.
21 mart kuni Apple kompaniyasi iPhone va iPad planshet kompyuterlarining eng so‘nggi modellari taqdimotini o‘tkazgan edi. 4 dyuym ekranli iPhone SE, Apple A9 protsessori bilan jihozlangan, 12 megapikselli asosiy kamera o‘rnatilgan. U to‘rt xil rangda, tilla, pushti, kulrang va kumushranglarda sotuvga chiqariladi. Uning 16 Gb xotiraga ega modeli AQShda 399 dollar, 64 Gblisi esa 100 dollar qimmat, 499 dollar etib belgilangan edi.