Apple singan iPhone o‘rniga yangisini taqdim etadi
Apple kompaniyasi zararlangan iPhone smartfonlari o‘rniga yangisini berish dasturini kengaytirdi, deb xabar beradi “Vesti”.
Endilikda kompaniya mijozlari ekrani darz ketgan, kamerasi ishlamayotgan yoki tugmalari ishdan chiqqan smartfonni maxsus do‘konga topshirib, ma’lum miqdordagi summani to‘lab, yangi iPhone`ni qo‘lga kiritishi mumkin.
Apple Store Reuse va Recycle iPhone dasturi bir necha yil oldin yo‘lga qo‘yilgan. Biroq shu vaqtga qadar bu dasturlarda singan iPhone smartfonlari ishtirok etmagan. Yangi treyd-in dasturi hamma uchun foydali: u mijozlarga zararlangan uskuna ta’miriga pul sarflamay, smartfonlarning yangi avlodidan foydalanish imkonini beradi. Apple kompaniyasi esa ko‘proq qurilmalarni sotishga erishadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Apple zararlangan 5S`ni 50 dollarga, iPhone 6`ni esa 200 dollarga, 6 Plus smartfonini 250 dollarga baholab, qaytarib oladi. Dasturda ekrani darz ketgan, suvga tushib ketgan, kamerasi, tugmalari sifati yomonlashgan smartfonlar ishtirok etishi mumkin. O‘ta yaroqsiz holga kelgan smartfonlar esa dasturda qatnashmaydi.