Android-smartfonlar Rossiyada iPhone’ni ortda qoldirmoqda
Android’dagi LTE-smartfonlar 2015-yilning uchinchi choragida Rossiyaning MTS uyali tarmog‘ida ro‘yxatdan o‘tgan gadjetlar soni bo‘yicha birinchi bor Apple qurilmalarini ortda qoldirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi “Mail.ru”.
MTS LTE-tarmoqlarida Android-smartfonlar ulushi joriy yilning uchinchi choragida oldingi chorakka nisbatan rekord ko‘rsatkich — 5 foizga ko‘payib, jami 50 foizdan oshdi. iOS ulushi chorak mobaynida 4, Windows Phone ulushi esa 1 foizga kamaygan. Yil hisobida olganda MTS LTE-tarmoqlarida Android-smartfonlar ulushi 9 foizga ko‘paygan.
MTS ortidan bozorning boshqa asosiy ishtirokchilari ham internet-gadjetlarga narxni pasaytirgach, LTE tarmog‘ida Android-smartfonlar miqdori sezilarli ravishda oshdi. Natijada 3-chorakda Rossiyada sotilgan barcha LTE-smartfonlarning (1,9 million qurilma) yarmidan ortig‘i (1 million) MTS tarmog‘ida paydo bo‘ldi.
Android-smartfonlar sotuvining aksariyatini Samsung, Sony, Alcatel va MTS brendlari ta’minlab bergan.