Andijonda fuqaro qulupnay sotuvchisini urib, o‘ldirib qo‘ydi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Joriy yilning 29 aprel kuni soat 17:30 larda fuqaro A.I. Jalaquduq tumanida joylashgan “Buyum bozori”ning kirish yo‘lagida meva sotayotgan sotuvchi P.A. bilan sotilayotgan qulupnay mahsulotining narxi yuzasidan o‘zaro janjallashib ketgan. Fuqaro A.I. qo‘li bilan sotuvchini yuz qismiga bir marotaba urgan va sotuvchi yerga yiqilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotnomasiga ko‘ra, “o‘rtacha og‘ir” tan jarohati yetkazilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan A.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda sotuvchi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, kecha, 9 may kuni Jalaquduq tuman tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
Dastlabki tergov davomida A.I.ning harakatlari Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismidan 104-modda 3-qismi “d” bandiga qayta malakalanib, gumon qilinuvchi jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan.