Alisher Usmonov 1990-yillar oxiri — 2000-yillar boshidan internet-investorga aylanishga uringan. Biroq, Forbes’ning yozishicha, uning dastlabki harakatlarini 2001-yilda “dotkomlar inqirozi” yo‘qqa chiqargan.
1990-yillar oxirida Alisher Usmonov Londonda istiqomat qiluvchi eronlik ishbilarmon Farhod Moshiriy bilan birga Unisys kompaniyasi aksiyalariga pul tikib, 32 million dollar yo‘qotgan. Bundan tashqari, metall bilan savdo qilish maqsadida europe-steel.com internet-birjasini ishga tushirgan, biroq keyinchalik bu loyiha yopilgan.
Bir investbankirning so‘zlariga ko‘ra, Alisher Usmonov 2001-yili rekord darajada arzonlashib ketgan Yahoo internet-gigantini sotib olish uchun kredit taqdim etishlarini so‘ragan. “Alisher Usmonov bu gaplarni tasdiqlaydi: haqiqatan ham shunday loyiha bo‘lgan, biroq banklar buning uchun qarz berishdan bosh tortgan”, deb yozadi Forbes.
Ma’lumot uchun, “TASS” axborotiga ko‘ra, 48 foizi Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan USM Holdings xoldingi hozirgi vaqtda Mail.ru Group korporatsiyasi egasi hisoblanadi, shuningdek, Xitoydagi bir qator internet-loyihalarga sarmoya kiritgan.