Alisher Usmonov Hindiston bozoriga investisiyalar hajmini ko‘paytirmoqda
Rossiyalik milliarder, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida o‘zining investision rejalari haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, u Xitoyga kiritayotgan sarmoyalarini kamaytirmaydi va shu bilan birga Hindiston aktivlariga investisiya hajmini oshiradi.
“Bizning Xitoy aktivlariga investisiyalarimizni shartli ravishda strategik va moliyaviyga bo‘lish mumkin. Misol uchun, biz smartfon ishlab chiqaruvchi Xiaomi kompaniyasi yaratilayotganda unga katta investisiyalar qilganmiz. Hozirda bu kompaniya Xitoyda 1-raqamli ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Yana bitta kompaniya – JD.com savdo internet-maydoni. Biz bu kompaniyaga ham jiddiy investisiyalar qilganmiz. Ular bir necha barobarga ko‘paydi. Mana shular bizning strategik investisiyalarimizdir”, deb aytmoqda Usmonov.
Tadbirkor xitoy va hind investisiyalarining muvaffaqiyatiga ishonishini aytdi.
“Alibaba internet-riteyler bu moliyaviy investisiyadir, chunki biz bu kompaniyadan katta darajada chiqqanmiz. Biz dastlabki sarmoyalarimizni 5-6 marta ko‘paytirib oldik. Shu bilan birga biz hind bozoriga sinov investisiyalarini kiritmoqdamiz. Biz bu bozor va iqtisodiyotlarning o‘sishiga ishonamiz. Ishonchim komilki, bu loyihalarimizda bizni muvaffaqiyat kutmoqda”, deb qo‘shimcha qildi Usmonov.