Ali Otajonov: Kinoda barcha aktrisalarning eri bo‘lishdan charchadim
Xonanda Ali Otajonov Instagram’dagi sahifasida: “Kinoda rol o‘ynashni to‘xtatdim. Bu xobbi edi va men bundan voz kechdim”, — qabilida xabar yozib qoldirdi. Shu vaqtgacha bir qator filmlarda bosh rollarni ijro etgan Ali Otajonovning ushbu qarori sabablarini bilish maqsadida jurnalist Feruz Muhammad u bilan bog‘landi. — Kinoda rol o‘ynashni to‘xtatish qaroriga nima sabab bo‘ldi?
— Kinodan ketib, kinoning rivojlanishiga hissa qo‘shmoqchiman. Hamma o‘z ishini qilgani yaxshi. Kino faqat pul topish, manfaat uchun harakat qilinadigan ish emas-da. O‘zbek kinosida yurgan vaqtimda ancha narsani o‘rgandim, ko‘rdim, bildim. Bugungi kunda xususiy kinostudiyalar tomonidan ishlanayotgan filmlar menga umuman yoqmayapti, bu filmlardan qoniqish hosil qilmayapman. Balki tomoshabinlar xususiy kinostudiyalar tomonidan ishlanayotgan yengil-yelpi filmlarga o‘rganib qolgandir, biroq men yuki, salmog‘i bor, keyinchalik ham muxlislar tomosha qilib, o‘ziga saboq oladigan filmlarda rol ijro etishni juda xohlardim. — “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olinayotgan filmlarda qatnashishga o‘zingiz harakat qilib ko‘rmadingizmi?
— Yo‘q, sababi ular bilan ishlab ko‘rmaganman. Boshida ham aytganimdek, hamma o‘zini ishini qilgani ma’qul ekan. — “Kinodan ketdim” degan gap-so‘zlar muxlislarning e’tiborini tortish uchun o‘ylab topilgan piar emasmi?
— Men qora piar qiladigan inson emasman, shu vaqtgacha bunday qilmaganman ham. Qachonlardir ko‘nglimga yoqadigan rol bo‘lsa, ijro etarman balki. Ammo, ochig‘ini aytsam, hozir kinoda barcha aktrisalarning eri bo‘lishdan charchadim. — San’atda juda katta o‘rni bor mashhur sulola vakilisiz. Balki oila a’zolaringiz Sizni aktyor sifatida ko‘rishni xohlamay, kinodagi faoliyatingizni to‘xtatishni so‘ragani uchun bu qarorga kelgandirsiz?
— Oila a’zolarim Otajonovlar sulolasidan aktyor chiqqanidan xursand edi, jumladan, bobom ham. To‘g‘risi o‘zim zerikdim — ssenariyni o‘qigan vaqtim “bu zo‘r film bo‘lsa kerak”, degan fikr paydo bo‘ladi, biroq tasvirga olish jarayonida tasavvur qilgan narsalarimning 50—60 foizi qolib ketmoqda. Buning ham sababi bor — filmga jalb etilgan mendan boshqalar 100 foiz kuch bilan harakat qilmayapti. Kimnidir faqat pul qiziqtiradi, kimdir ishini chala qiladi, yana birov esa boshqa bir xayolda. Tomoshabin 20—30 yildan keyin ham ko‘radigan, tarixda qoladigan kinoasar suratga olaman, deya harakatga kirishilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. 60—70 million so‘m pul topaman deb olinayotgan filmlardan, ochig‘i, bezib ketdim.
3—4 yil avval odamlar filmlarning saviyasizligi haqida gapirsa, menga erish tuyular edi. Ammo bugun shu narsani o‘zim anglab yetdim. To‘g‘ri, yaxshi filmlar ham bor, masalan, “Baron”, “Sotqin” filmlari rostdan ham menga yoqdi. Men shunday filmlarda rol o‘ynashni xohlardim. Hozircha esa kinodan — saviyasiz filmlardan zerikdim.
Ali Otajonovga iltimos agarda kinolarda uynamasangiz klip yo bulmasam quwiq aytib turin chunki szning ijro etkan rolaringiz menga judaham yoqar edi ijodtan tuhtamang. Hamisha omad yor bulsn sizga.