6 apreldan O‘zbekistonda yangi cheklovlar kuchga kiradi
Joriy yil 4 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda mamlakatda koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Unga ko‘ra, joriy yil 6 apreldan e’tiboran quyidagilarni nazarda tutgan holda “o‘zini yakkalash” hayot tarzi Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etiladi: - shaxsning o‘zining yashash hududidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur bo‘lgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va b.) uchun va shifokor ko‘rigiga murojaat etishdan boshqa maqsadlarda chiqishi qat’iyan cheklanadi, ish joyiga borishi va kelishi bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno; - harakatlanishda hamda savdo do‘konlari va boshqa joylarda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash talab etiladi; - 65 yoshdan yuqori yoshda bo‘lgan va surunkali kasalligi bo‘lgan fuqarolar o‘z uylaridan o‘ta zaruratsiz tashqariga chiqishi qat’iyan man etiladi. Ushbu talablarni buzgan shaxslar qonunchilikka muvofiq tegishli javobgarlikka tortilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 298 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi. Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor