12-13-mart kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi
Kelayotgan dam olish kunlari — 12—13-mart kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” Vazirlar Mahkamasi qaroriga tayanib.
Hashar mart—aprelda mamlakatning butun hududlari bo‘yicha e’lon qilingan obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish oyligi doirasida o‘tkaziladi.
Hashar davomida mahallalalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli va xususiy uylar atroflari, guzarlar, maydonlar, ziyoratgohlar, ko‘chalar, trotuarlar, ariqlar va bolalar maydonchalari obodonlashtiriladi va tozalanadi. Mahalla va aholi yashaydigan dahalarda gul, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, bo‘sh turgan joylarda yashil hududlar tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, muhtoj keksalarga, pensionerlar va imkoniyati cheklangan kishilarga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.