«Ummon guruhi»ning o‘n yillik yubileyi arafasida a’zolaridan biri guruhni tark etgani barcha uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi. Muxlislarni hayron qoldirgan bunday holatni yigitlar "Sevimli" telekanalining “Xayrli oqshom” ko‘rsatuvida quyidagicha izohlashdi.
-Jasur: Bu xabar muxlislarimiz uchun qanchalik kutilmagan yangilik bo‘lsa, biz uchun ham xuddi shunday bo‘ldi. Muxlislarimiz bizni bir-birimizdan ayro tasavvur qila olmaydi. 10-yillik yubiley konsertimiz bo‘lishi kutilayotgan, hamma e’tibor, harakat shu konsertga qaratilgan edi. O‘tkazilish kuni ham ma’lum bo‘lgan konsertimiz qoldirildi. Bu shunchaki do‘stimiz Zohidning qarori, biz har doim bir-birimizning qarorimizni xurmat qilganmiz va uning bu qarorini ham to‘g‘ri tushundik. Zohid o‘zini yakkaxon tarzda sinab ko‘rmoqchi va bu ham bizga o‘zimizni sinab ko‘rish imkonini beradi.
-Shohrux: Haligacha o‘zimiz ham bunga ishona olmaymiz! Hech kimga aytmadik, chunki hammasi yaxshi bo‘lib ketishini, o‘z joyiga tushishini kutdik. Ustunning uchta tirgagi bo‘lsa, undan bittasi olib tashlansa, hamma ma’suliyat qolgan ikkitasiga tushadi. Hozirda guruhda ikki kishi bo‘lganimiz uchun ko‘proq ma’suliyatni his qilyapmiz. Masalan, ilgari bir qo‘shiqni 70 % Zohid aytgan bo‘lsa, hozir buni 50 ga 50 qilib bo‘lishdik.
Shohrux: Oxirgi yillarda oramizada qandaydir bo‘shliq paydo bo‘lgandi.....
-Jasur: 10-yillik ijod qilish mayli, lekin biz hayotda ham qadrdon do‘stlar edik. Hozir hammasi yaxshi. Zohid premera qo‘shig‘imizni tingladi, hattoki kelajakda qo‘shiq yozib beraman, hamkorlik qilamiz dedi. Nima bo‘lganda ham biz o‘zimizga ishonamiz, bizni sevib tinglaydigan o‘z muxlislarimiz bor. Ayni kunlarda «Yig‘lama yurak» taronasiga klip olish ishlarini boshlab yubordik.