Toshkentda “Ummon” guruhi sobiq xonandasi Zohid Rizqiyev do‘stlari bilan o‘z mashinasida avtohalokatga uchragandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning ahvoli haqida ma’lumot berdi.
Poytaxt IIBB bergan ma’lumotga ko‘ra, voqea 29-sentabr kuni taxminan soat 23:00 da Yunusobod tumanida yuz bergan. U BMW avtomashinasini Ahmad Donish ko‘chasidan Yangishahar ko‘chasiga qarab haydab ketayotganida boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda tan jarohatlari olgan Zohid va uning ikki do‘sti kasalxonaga yotqizilgan, 1994-yilda tug‘ilgan yana bir do‘sti voqea joyida vafot etgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, Zohid Rizqiyevga “bosh miya ochiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati, chap yelka sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, koma 1-2 daraja” tashxisi qo‘yilgan.
Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor boshidagi jarohatga birlamchi jarrohlik ishlovi berilgan. Og‘riqsizlantirilib, IVL apparatiga ulangan. Bosh qismi MSKT, ichki a’zolari esa UTT kabi barcha zaruriy tekshiruvlardan o‘tkazilgan. Ayni paytda u jonlantirish bo‘limida. Sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Unga barcha tegishli tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, “bosh miya ochiq jarohati, bosh miya lat yeyishi, bosh tepa sohasining ezilib yirtilgan jarohati, ko‘krak qafasi lat yeyishi” diagnozi qo‘yilgan yo‘lovchi J.Y. ham jonlantirish bo‘limida zarur davo muolajalarini olmoqda. Uning ahvoli o‘rta og‘ir. Hushida.
Bemor J.I.da esa “bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, chap tomon yuqori qovoq, o‘ng tomon jag‘ osti va bo‘yin sohalari ezilib yirtilgan jarohatlari” aniqlangan.
Unga tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilib, zarur muolajalar o‘tkazilgach, ahvoli qoniqarli bo‘lgani uchun ambulator sharoitda davolanishi uchun uyiga javob berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni paytda bemorlar salomatligini o‘z nazoratiga olgan. Muolaja jarayonlari uchun yetakchi tibbiyot mutaxassislari jalb qilingan.