Jizzax viloyati Baxmal tumanida 5-avgust kuni aliment pulini undirish uchun borgan MIB xodimi pichoqlangani haqida
xabar berilgandi. Majburiy ijro byurosi xodimining ahvoli va holat yuzasidan “Daryo”ga ma’lumot taqdim etdi.
Sodir etilgan jinoyat ishi tafsiloti haqida
Fuqaro F.X.ning turmush o‘rtog‘i A.X. tomonidan aliment pullari to‘lanmayotgani haqida MIB Baxmal tumani bo‘limiga bir necha bor murojaat qilgan. Shu sababli davlat ijrochilari S.N., A.N. va E.N. 5-avgust kuni soat 15:30 da qarzdordan 15 million so‘m aliment qarzdorlikni undirish maqsadida uning manziliga borib, aliment qarzdorligi uchun ehtiyojdan tashqari mol-mulklarning xatlanishi haqida tushuntirish bergan.
Shunda qarzdor A.X. davlat ijrochisining xizmat vazifasiga faol qarshilik ko‘rsatib, S.N.ning yelka, bel sohasi va qorin qismiga oshxona pichog‘ini sanchib, qasddan tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan A.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Baxmal tumani prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. A.X. ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Tan jarohati olgan davlat ijrochisi S.N. xushmuomala va fuqarolar bilan konfliktga boradigan xodim emas, u hozirda shifoxonada va ahvoli qoniqarli darajada. Byuro davlat ijrochilari sud va boshqa organ qarorlarini ijro etish orqali fuqarolar yoki jamiyatlar manfaatini himoya qiladi. Biroq ayrim fuqarolarimiz qarzdorliklarni undirish o‘rniga davlat xizmatchilariga qo‘l ko‘tarish orqali masalani o‘z tomoniga hal qilish mumkin deb o‘ylaydi. Bu, albatta, noto‘g‘ri to‘xtam. Chunki qaror bor ekan, u ijro etiladi. Bir davlat ijrochisiga to‘xtatib qolinsa, uni boshqasi davom ettiradi, — deyiladi MIB xabarida.
MIB tizimida fuqarolar bilan ishlash holati qanday?
Majburiy ijro byurosi tashkil topgan vaqtda muomala madaniyati va aholi bilan ishlashda dastlab bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Fuqarolardan kelayotgan e’tirozlar, ishga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan va yo‘l qo‘yilgan nojo‘ya xatti-harakatlar, shuningdek, ishning og‘irligi sabab 7500 dan ortiq xodim ishdan bo‘shatilgan.
Xodimlarning harakatlari haqida nafaqat rasmiy murojaatlar, balki ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar(signal) ham o‘rganib borilmoqda. Hozirda xodimlar bilan ishlashda yangicha yondashuv va qayta malakasini oshirish yo‘li oshirish choralari ko‘rilyapti. Bunda asosiy e’tiborni ish sifatini yanada oshirish, davlat ijrochilari yuklanmasini yengillashtirish uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faoliyatga tatbiq etib borilmoqda.
Ta’kidlanishicha, 2022-yilning o‘tgan davrida xodimlarga nisbatan 20 dan ortiq qarshilik ko‘rsatish holatlari aniqlangan va qonuniy choralar ko‘rilgan.