Yigitali va Rayhonning nikohi rasman bekor qilingani ma’lum bo‘ldi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva va uning turmush o‘rtog‘i, aktyor Yigitali Mamajonovning nikohi qonunan bekor qilindi. Bu haqda aktyor “Bekajon” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi, deya xabar beradi “Darakchi.uz”.
“Men oilamda unday bo‘ldi, bunday qilmoqchimiz, deb jar solmoqchi emasman. Biz qonunan ajrashdik, bor gap shu”, — dedi aktyor Rayhon bilan munosabatlari haqida gapirar ekan.
Aktyor bo‘lajak turmush o‘rtog‘i qanday fe’l-atvorga ega bo‘lishi haqidagi savolga quyidagilarni ma’lum qilgan:
“Oilada ayol biroz makkora bo‘lishi kerak, deyishadi. Aslida, men ayolim dono, qanoatli bo‘lishini istardim. Har qanday qiyinchilik, shodlikda ham erini tushuna oladigan, yo‘qchilikda ham sabr-toqatli, hurmatimni joyiga qo‘yib, oila boshlig‘i ekanimni his eta oladigan ayolim bo‘lishini har bir erkak kabi men ham istaganman. Men erkak kishiman, o‘zimga yarasha g‘ururim bor. Oila boshlig‘i bo‘la turib, xotinining ko‘magiga qarab qoladiganlardan bo‘lishni istamayman”.
Ma’lumot uchun, xonanda Rayhon G‘aniyeva va aktyor Yigitali Mamajonov 2012-yilning noyabrida turmush qurgan edi. 2014-yilning may oyida esa Rayhon egizak farzand tuqqan, ularga Islom va Imron deb ism qo‘yilgan. 2015-yil yanvarida esa Rayhon ajrashishga ariza berganini ma’lum qilgan edi.