Oktabr oyining 16-17 va 18 kunlari muhtasham “Istiqlol” san’at saroyida o‘zining navbatdagi yakkaxon konsert dasturini namoyish etishni niyat qilgan Ulug‘bek Rahmatullaev viloyatlar bo‘ylab turne tashkil etdi.
Konsertga tayyorganliklar avjida bo‘lgan bir paytda xonanda Namangan viloyatida katta konsert dasturlari bilan muxlislarini hushnud etmoqda. “Sog‘inib” deb nomlangan o‘tgan yilgi konserti repertuari bilan tashkil etilayotgan mazkur tadbirlar xonandaning konsertiga tashrif buyurolmagan muxlislari uchun shodyonaga aylanib ketdi.
Kuni kecha Namangan shahrining “Navbahor” stadionida bo‘lib o‘tgan konsertda yigirma mingga yaqin tomoshabinlar tashrif buyurgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
- «Muxlislarim bilan jonli muloqot menga yanada kuch bag‘ishlaydi. Viloyatlarda yashovchi muxlislarimning hammasi ham konsertga kelolmasligi mumkin. Lekin, men ularni yodimdan chiqarmasligimni ta’kidlab o‘tmoqchiman. Mening ijodimga befarq bo‘lmagan barchaga hurmatim cheksiz. Biz san’atkorlar muxlislarimiz uchun ijod qilishdan charchamaymiz»,- deydi Ulug‘bek Rahmatullaev.
Navbatda yana Ko‘qon va Farg‘ona shaharlarida konsertlari bilan turneni davom ettirishni rejalashtirgan ijodkor muxlislari tomonidan bir olam ijobiy, yoqimli va his-hayajonli olqishlarga sazovor bo‘lmoqda.
“Shirin orzu” deb nomlangan yangi konsertiga yanada kuch-g‘ayrat yig‘ib tayyorgarlikni davom ettirishni maqsad qilgan Ulug‘bek Rahmatullaevga omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.