Меню
Поиск
Фотоалбом
Главная » Файлы » Exclusive Intervyu

Ulug‘bek Rahmatullaev: “Hech kimni Yomon ko‘rishni istamayman”

2014 yil bugungi suhbatdoshimiz uchun juda omadli yil bo‘ldi. Reyting borasida ham ko‘pchilik xonandalar bugun unga havas qilayotgani sir emas. Anglaganingizdek, bugungi  suhbatdoshimiz “E’tirof-2014”dagi  “Yilning eng faol xonandasi” nominatsiyasi sohibi, “Kabutarlar” qo‘shig‘i bilan “Yil qo‘shig‘i-2014” mukofotini qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rahmatullaev…   
— Ulug‘bek aka, suhbatimiz tavallud ayyomingizni nishonlaydigan kunga to‘g‘ri kelibdi. Birinchilardan bo‘lib muborak­bod etishdan shodmiz! Kimdir tug‘ilgan kunini intiq bo‘lib kutadi, yana kimdir esa aksi. Sizda qanday?
— Tabrik uchun rahmat. To‘g‘ri, umrimiz o‘tayotgani xursand bo‘ladigan holat emas. O‘sha sana umring o‘tayotganini eslatib turadigan lahza bo‘lsa ham, boshqa tarafdan bu kun yaqinlaringning diydorini tuhfa etadigan, o‘tgan umr sarhisob qilinadigan kun. 
— “Yoshlik qaytmaydi” nomli qo‘shiq yozganingizga qaraganda, hayot haqiqatlarini anglagan ko‘rinasiz yo bu shunchaki qo‘shiqmi?
— Kiyimlar, hasharotlar, bemorlar, chaqaloqlar haqida kuyladim. (miriqib kuladi) Bu, albatta, hazil. Hozirda virtual hayot tarzi ommalashib, hatto o‘zimning ham qo‘limdan telefon tushmaydigan bo‘lib qolgan. Natijada atrofimizdagi qaytarilmas lahzalar — ota-ona diydori, farzandingning ulg‘ayishi kabi ko‘plab voqealardan uzilib qolyapmiz. Chetdan nazar solsa bu xunuk holat. Nonushta vaqti edi, qo‘l telefonimdan tinimsiz foydalanganimdan, otam “O‘g‘lim, telefoningni bir soatga o‘chirib, biz bilan bafurja nonushta qil. Ertaga bu onlarni istasang ham topolmaysan”, deganda, qattiq ta’sirlandim. Mana shu holat “yoshlikni virtual hayotga almashtirmang”, shio­ri bilan “Yoshlik qaytmaydi” nomli qo‘shig‘imni yozishimga sabab bo‘ldi. Sevimli aktyorim Ubaydulla Omonni ilk bor klipimga tak­lif qildim. Aslida “Do‘st” qo‘shig‘imning klipida ishtirok etishini istagandim. Lekin odamlarning “do‘sti bilan munosabatini kuylabdi”, degan fikr­lari “bolalagan”i uchun klip suratga olish fik­ridan qaytdim. Aslida bu qo‘shiq Raj Kapurning “Sangam” filmidan ilhomlanib yozilgandi. 
— 2014 yilni omadli yakunlagan xonandalar qatoridasiz. Mehnatlaringiz e’tirof etilishini kutganmidingiz?
— Biror nominatsiyaga qo‘­yil­ganimda doim mukofotlanishimni kutganman. Lekin “taqdirlanishim kerak”, degan maqsadda ijod qilmayman. Ko‘plab marosimlarda mukofotlanmaganimda tushkunlikka tushmaganman. Chunki maqsadim yutuqqa erishish bo‘lmagan, ko‘ngildagidek qo‘shiqlar taqdim etay, degan o‘y bilan ishlaganman. O‘sha kuni imkoni bo‘lsa, ushbu mukofotni olishimga hissa qo‘shgan libos ustasidan tortib, to chiroq ustasigacha barcha ijodiy jamoani sahnaga olib chiqqan bo‘lardim. Sababi, bitta qo‘shiq va klip yaralishida ko‘pchilikning mehnati singgan. Aytib o‘tish joiz, “E’tirof-2014”da barcha nominantlar yil davomida munosib ishlagandi. Kishi o‘ziga o‘zi ovoz berishi noto‘g‘ri, shu sabab O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alisher Fayzga ovoz bergandim. Ochig‘i, Alisherning muxlisiman, ham bastakor, ham shoir sifatidagi ijodiga havas qilaman. 
— “E’tirof-2014” taq­di­motidan so‘ng xayrlasha turib, “ismim e’lon qilinganida birinchi bo‘lib, Alisher Fayz yonimga kelib qutladi, atrofingda shunday samimiy insonlar ko‘p bo‘lsa, qaniydi”, degan fikrni aytdingiz. Siz kutgan insonlardan sado chiqmadimi, deyman?
— Odamlar haqida ijobiy fikrda yurib, vaqt o‘tgani sa­yin o‘sha o‘ylaring o‘z tasdig‘ini topaversa quvonarkansan kishi. Alisherga tan berganim, u va men o‘tirgan o‘rindiqning orasida anchagina masofa bor edi. Ismimni eshitib, qanchalik tezlikda sahnaga chiqqanimni o‘zim bilaman va shu oraliqda Alisher yonimga kelib, tabriklashga ulgurganiga qoyil qoldim. Ko‘risholmay qolgan hamkasblarimiz ertasi kuni ham tabriklashdi. Hech kimdan norozi bo‘lmadim. Ochig‘i, hech kimdan hech nima kutmasdan yashashga o‘rgandim. Natijada kutilmaganda sodir bo‘lgan voqealar quvonch bag‘ishlayapti. Kutmasdan yashagan odam kuchli bo‘ladi, qilgan yaxshiligini unutadi va har lahzadan baxt topa oladi. 
— “Yil qo‘shig‘i-2014” loyihasida “Kabutarlar”, “Nega ma’yussan?”, “Toshkentda yomg‘ir”, “Yurak”, “Meni kechir” qo‘shiqlaringiz g‘oliblikka da’vogar ijod namunalari sifatida ro‘yxatga kiritilgandi. Nega aynan shu qo‘shiqlar tinglovchilar tomonidan ko‘p tinglangan, deb o‘ylaysiz?
— Avvalo, bu qo‘shiqlarning klipi borligi va xarajatidan qochmay, professional klipmeykerlarga klip suratga oldirganim sabab. Qolaversa, bu beshta qo‘shiq har xil janr va ularni yaratishda turli ijodkorlar bilan ishlaganman. Odatda bitta qo‘shiq “xit” bo‘lsa, o‘shanga o‘xshagan yana beshta qo‘shiq chiqarishadi. Bu noto‘g‘ri harakat! Shu sabab turfa xillikka, albatta, e’tibor beraman. 
— So‘nggi paytlarda hech bir yangi ijod mahsulingiz shunchaki kutib olinmayapti...
— Hamma narsa niyatga bog‘liq. Shu ma’noda shunchaki ijod qilmayapman. Odatda qaysidir shoir yo bastakor biror xonandaga zo‘r qo‘shiq yozib bersa, qolganlar ham o‘sha ijodkorga murojaat qilishadi. Bu ham noto‘g‘ri qaror.  
— Bugun reyting borasida ko‘pchilik hamkasblaringiz sizga havas qilishyapti.Nazaringizda, mehnatlaringiz endigina hosilga kirdimi yo omad qo‘lingizdan yetaklab yuribdimi?
— Avvalo, bu yutuqlarga ota-onam duo­si tufayli erishdim. So‘ng o‘z ustimda ishlab kamchilik­larimni bartaraf qilayotganim va albatta, omad sabab ishlarim ko‘ngildagidek ketyapti. 
Bir sarkarda jangga doim sovutsiz chiqarkan. Kunlarning birida odatini o‘zgartirib sovut kiyibdi, shunda atrofdagilar “Nega an’a­nangizni buzdingiz?”, desa “U vaqtlarda meni onamning duosi asrardi, endi u kishi hayot emas-ku... Shunday ekan, muhofazaga muhtojman”, degan ekan. Ota-onani e’zozlashdan to‘xtamaylik. Omadimga ko‘z tegmasin. 
— Shu tobda Este Lauderning “Omad, aslida yo‘q narsa, faqat mehnatlarim bilan erishganlarim boshqalarning ko‘z o‘ngida omad bo‘lib baholanadi”, degan gapi yodimga tushdi...
— Omad borligini inkor etolmayman. Lekin faqat omadga suyanib qolish ham kerak emas. Mehnat, omad va menga ishonadigan odamlarning bo‘lishi, bu — katta kuch! Bugungi kunda “Hech kimni yomon ko‘rishni xohlamay­man!” shiori bilan yashayapman. Afsuski, hamma ham meni yaxshi ko‘rmaydi-da...
— Yildan-yilga Ulug‘bek Rahmatullaev­ning san’atdagi “tashrif qog‘oz”i o‘zgarib boryapti. Sizning nazdingizda ular...
— “Oydin kechalar”, “Kapalak”, “Mini-yubka”, “Tushungin meni”, “Bemor”, “Laylo­yimsan”, “I love you”, “Jonim”. “Tashrif qog‘oz”im o‘zgarib turgani bu mening yutug‘im. Bitta qo‘shiqqa suyanib qolmaganimdan xursandman. 2015 yilda “tashrif qog‘oz”larim yana bir necha bor o‘zgaradi va bu yil juda ko‘p kliplar taqdim etaman. Kuzda bo‘lib o‘tadigan konsert dasturimga hozirdan katta tayyorgarlik boshlaganman. Unda sevimli va hech kim kutmagan ayol xonanda bilan duet kuylayman... Har yili kuz fasli kelganida odamlarda “Ulug‘bek Rahmatullaev konsert beradi”, degan tushuncha shakllanishini istayapman.
— Aslida ijodingizni vaqt “shamol”iga chidamli “chinor”lar tashkil qiladimi yoki bo‘yi uzun, biroq nozikkina tezda sinadigan “terak”lar?
— Eng muhimi, ekkan “daraxt”­larimning bo‘yi yetarli darajada cho‘zildi. Endi bu daraxtlar shamol bo‘lganida qulab tushmasligi uchun yanada baquvvatlashishi kerak. Masalan, fonogrammada kuylaydigan xonanda bilan jonli ijroda qo‘shiq aytadigan san’atkorning “tosh”i og‘irroq.
— Nega Ulug‘bek Rahmatullaev “tosh” bosolmayapti?
— Chunki Ulug‘bek Rahmatullaev “tosh” bosish harakatida. E’ti­bor bersangiz, ijodimdagi o‘zgarishlar bosqichma-bosqich amalga oshadi. O‘rtada bitta zina qoldirib, sakraydiganlar toifasidan emasman. Co‘nggi uch yildagi konsertimda jonli ijroda ham kuylayapman, maqsadim to‘liq jonli ijroga o‘tish. 
— Mashhurlik o‘zining evaziga samimiylikni talab qiladi-a?
— Afsuski, ha. Samimiy bo‘lmasang kun kelib, albatta, qoqilasan. Konsertimda ko‘p gapirishimning boisi ham tomoshabinlar aslida qanday ekanim, samimiyatimni his qilishini istayman. Odamlar haqida fikr bildirish oson. Lekin shaxsan men kimnidir yaxshi va yomon, deyishga shoshilmayman. Shu kungacha o‘ziga yolg‘on qobiq yasab, o‘shanda yashab, kun kelib kimligi oshkor bo‘lib qolganlarni ham ko‘p ko‘rdim. Ularning yolg‘oni ijodida sezilib turadi. Soxta kamtarlikni chetga surib aytaman, kimnidir al­da­gan yo haqqi menga o‘tgan kuni haroratim ko‘tarilib, qal­ti­rashni boshlayman. O‘sha lahzada go‘yo zimistonga tushib, bandalikni bajo keltiradigandek his paydo bo‘ladi. Shu sabab, samimiylikdan chekinmay, halol yashashga intilib kelyapman. Xudo xohlasa, mashhurlik samimiya­timni sira o‘g‘irlamaydi. Lekin mashhur bo‘lishdan ko‘ra, odamlarga foydam tegishini istayman. 
— Suhbatlardan birida taniqli aktyor “olqish, dastxatlar, suratga tushishlar, seni tanishlari... bularning hech ham havas qilarli joyi yo‘q!” degandi...
— Yo‘q, u aktyorning fikriga qo‘shilmayman! Agar “ular birinchi o‘rinda emas”, deganida to‘g‘ri bo‘lardi. Nazarimda, u aktyor san’atga yanglish kirib qolgan... Seni yaxshi ko‘rishlari, tabassum bilan qarshi olishlarining nimasi yomon?! Biroq bu mehrni suiiste’mol qilib, “erkalik”larim kechiriladi”, deya noto‘g‘ri qadam bosishdan O‘zi asrasin!
— Pianino, gitara va skripka musiqa asboblariga qiziqadigan Ulug‘bek Rahmatullaev haligacha skripkani to‘g‘ri ushlashni o‘rganish bilan chek­lanyaptimi?
— Rostini aytaman, skripka chalishni o‘rganolmasam kerak. Chunki bu musiqa asbobini eshitish qobiliyati yuqori ijodkorlargina chala oladi.
— Ko‘pchilik san’atkorlar qatori siz ham avvaliga farzandlaringizni ommaga ko‘rsatmagandingiz...
— Ko‘z tegishiga ishonaman. Shu sabab, qizim Farzonani hali ommaga ko‘rsatganimcha yo‘q, endigina bir yoshdan oshdi. Ochig‘i, ikkinchi farzandim ham o‘g‘il bo‘lishini istagandim, lekin endi qiz tug‘ilganidan xursandman. Qiz bola otasiga mehribon bo‘larkan, yuzimni silab “Ada, oposh”, desa erib ketaman. O‘g‘lim Fayzulloh sira unaqa qilmagan (kuladi). Oila, bu — erkak kishining qo‘rg‘oni, uni ko‘z-ko‘z qilish emas, asrab-avaylash kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda oilaviy rasmlarini joylashtiradiganlarni hazm qilolmayman. 
— Uyda aytganingiz aytganmi yo rafiqangizga yon bosasizmi?
— Yon bosaman, lekin menga yoqmaydigan holatlar bo‘lsa, o‘ylab o‘tirmay rad etaman. Masalan, xarid qilgan libosi menga yoqmasa kiymaydi. Biroq menga yoqqan kiyim­ rafiqamga yoqmasa ham kiyishga majbur (miriqib kuladi).
— Turmush o‘rtog‘ingizdan eng ko‘p eshitadigan gapingiz?
— “Qachon kelasiz?” Bu uyda kutadigan odaming borligidan darak. Lekin ostona hatlab, ko‘chaga chiqqanimga uch daqiqa bo‘lmay, qo‘ng‘iroq qilib, “Qachon kelasiz?” desa asabim dosh bermaydi. Uch daqiqada qanday ish bitirib, qaytish mumkinligiga aqlim yetmaydi...
— Doim sizni kutadigan odamlar qurshovida yuring!

Ulug‘bek Rahmatullaev o‘zi haqida...
— Oilaviy hotirjamlik sizlarni tark etmasin!
“Oddiy tinglovchi sifatida eshitmagan bo‘lardim...”
— Hamma qo‘shiqlarimni... Ayniqsa, “Chaqaloqlar” qo‘shig‘imni.
“Fe’l-atvorimdagi keskin o‘zgarishlar sababi...”
— Ulg‘aydim, shu sabab hozir og‘ir-bosiqman. Tez xulosa chiqarish odatim yo‘qoldi, zimmamdagi har taraflama mas’uliyatni his etib, real hayotda yashashni boshladim.
“Asabimni buzmaslik uchun...”
— Oldindan chamalab, o‘shanday davraga bormayman. Majburiyat yuzasidan borsam ham u yerdan tezda ketishga harakat qilaman. Qolaversa, suhbatdosh ham tanlayman, hamma bilan ham yurakni “to‘kib” gaplashmayman.

 
Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Islom RO‘ZIEV

Manba:darakchi.uz


Категория: Exclusive Intervyu
Просмотров: 4381 | Комментарии: 2 | Рейтинг: 0| Рейтинг: Ulug‘bek Rahmatullaev
Mavzuga Oid Boshqa Yangiliklar:
Реклама

Всего комментариев: 2
malikamerkatoyim Omaddd qowulari xamas xit
Like | 0
Begzodjon Ulugbekga omad
Like | 0
Элатма: Сайт ходимлари ўзларига ёқмаган изоҳларни фаоллаштирмаслик ва огоҳлантирмасдан ўчириш ҳуқуқига эга. Изоҳлар ҳақида тўлиқ маълумот мана бу манзилда (босинг)
Имя *:
Email:
Код *:

Профил

Время: 12:59
Добро Пожаловать, Mexmon

 
Новинка у нас
Самое Популярное
Самое Популярное