Ulug‘bek Rahmatullaev va Shahzoda ijrosidagi “Rashk” dueti tez fursatda ommalashdi. Yaxshi qo‘shiqqa reklama ham kerak emas. Ilk marta Shahzodaning 15 yillik ijodiy yubileyida jarang sochgan duet mavzusi hammabopligi, hayotiyligi ila diqqatni tortdi. Xonandaning konsertida bir nechta duetlar kuylangani bilan eng dilga yaqini shunisi bo‘ldi.
Rashk – er va xotin muhabbatining, aziz rishtasining javob reaksiyasidir. Aslida rashksiz sevgi sevgi ham emas. Chin rashk munosabatga darz solmaydi, aksincha, uni mustahkamlaydi. “Rashk” duetiga fursatni qo‘ldan boy bermay, klip suratga olishga kirishildi. O‘z ishining ustasi Yodgor Nosirov zimmasiga oilaviy mazmundagi klip suratga olish vazifasi yuklatildi. Kundalik voqealar asosida real yondoshilgan klip ikki xonandaning vaqti tig‘iz bo‘lishiga qaramay, ko‘ngildagidek suratga olishga erishildi.
Qiziq, Shahzoda uy bekasi vazifasini qay darajada uddaladi? Rahmatullaev oila boshlig‘i rolini-chi? Buni premeradan keyin bilib olamiz. Hozircha, kutamiz. Kutishga juda arziydigan klip!
Ta’bir joiz bo‘lsa, TV ham bunday mavzudagi klipga anchadan beri muhtoj edi. Oilaviy video-asar tomoshabinlar ma’naviyatiga o‘z foydali ulushini qo‘shishiga ishonamiz.