Shahzoda va Ulug‘bek maxsus film uchun saundtrek kuylashdi
Estradamizning ikki yulduzi, xalqimizning sevimli xonandalari maftunkor Shahzoda va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ulug‘bek Rahmatullaev navbatdagi hamkorlikka qo‘l urishdi. Bu haqida har ikki san’atkor ham ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qilishdi. Bu xushxabar barcha kuzatuvchilarni quvontirgani tabiiy. Ma’lumki, bugungi kungacha Ulug‘bek Rahmatullaev va Shahzoda bir nechta duet taronalarni taqdim etib, muxlislarini lol qoldirib kelishgan. Yangi ijod mahsuli ham “Rashk”, “Yonaman” qo‘shiqlari kabi kutib olinishiga shubhamiz yo‘q. Kompozisiya nomi ma’lumotlarga qaraganda, “Bekatlar” deb nomlanadi. Qo‘shiq o‘z ishining ustalari Farrux Badalboyev va Jasur Badalboyev bilan hamkorlikda yaratildi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, bu duet oddiy duet emas. Uning farqi shundaki, qo‘shiq, yoshlarning ijtimoiy, madaniy-marifiy hayotida juda muhim va katta ahamiyatga ega bo‘lgan film uchun yozilgan maxsus saundtrek hisoblanadi. Musiqiy asarga mazkur film doirasidan kelib chiqqan holda videoklip ham suratga olindi. Bu ijod mahsuli saundtrek sifatida efirlarga uzatilishi rejalashtirilgan.