2018 yil yanvar-mart oyida O‘zbekistonda yengil avtomobillar ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44,7 foiz o‘sib, 38,03 ming donaga yetdi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga qaraganda, joriy yilning birinchi choragida yuk avtomobillarini yig‘ish 485 tani tashkil etib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 44,8 foiz kamdir.
Avtobuslar ishlab chiqarish esa hisobot davrida o‘tgan yilga nisbatan 34,1 foiz pasayib, 137 taga tushdi. Traktorlar tayyorlash esa, aksincha, joriy yil birinchi choragida o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 6,1 barobar ortib, 432 donaga yetdi.
O‘zbekiston korxonalari tomonidan avtomobil dvigatellari ishlab chiqarish ham 2018 yilning ilk choragida 43,5 foiz oshib, 30,4 ming donaga yetdi.