Toshkentda tort ichidan burama mix chiqdi. Bu haqda ushbu holatdan jabrlangan xaridor Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhida xabar qoldirgan, deya xabar qiladi kun.uz.
Ushbu xabar va fotosurat guruhda faol muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ishtirokchilardan biri ushbu tort mahsulotini ishlab chiqargan korxonada bir vaqtlar ishlaganini, u yerda hammasi qo‘l uchida qilinishidan noligan.
Aksariyat foydalanuvchilar jabrlanuvchi fuqaroni tegishli organlarga, xususan, prokuraturaga shikoyat qilishga chaqirgan. Ba’zi foydalanuvchilar bu ishlab chiqaruvchining emas, balki sotuvchilarning kamchiligi bo‘lishi mumkinligini qayd etgan.
Muhokama so‘ngida jabrlanuvchi fuqaro tortni sotib olgan joyiga borib, burama mixni ko‘rsatib, vaziyatni tushuntirganini, sotuvchi avvaliga norozilik bildirib, so‘ng uzr so‘ragani va bu holat haqida ishlab chiqaruvchiga xabar berishini bildirganini aytgan.
Avvalroq, BAAning Sharja shahrida shaurma ichidan mix chiqqani haqida xabar berilgan edi.