Toshkentda soat 23:00dan 6:00gacha musiqa kuylash taqiqlandi
Toshkent shahar hokimligi tomonidan to‘y marosimlari o‘tkazish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
“Yaqinda bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdagi sessiyasida to‘ylar, oilaviy marosimlar va tantanalarni o‘tkazishni yanada tartibga solish masalasi ko‘rib chiqildi, – dedi hokimlik axborot xizmati rahbari Husan Ermatov. – Poytaxt aholisining osoyishtaligini ta’minlash maqsadida shahardagi restoran, kafe, tantanalar zallari, xususiy uylar va ko‘chalarda to‘y, tantanalar va boshqa marosimlar munosabati bilan soat 23:00dan 6:00gacha baland ovozda qo‘shiq kuylash, musiqa ijro etish, ovoz kuchaytiruvchi vositalardan foydalanish va boshqa xildagi shovqinli ovozlar chiqarish taqiqlanadi”.
Shuningdek, ma’lumot berilishicha, yig‘ilishda shahar bo‘ylab kelin-kuyovlar va ularning yaqinlarining sayr qilishi mobaynida yo‘l harakati ustidan nazoratni kuchaytirish, to‘y-tantanalarni tartibli, kamchiqim va ortiqcha dabdabalardan xoli tarzda o‘tkazish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, bu boradagi tartibbuzarlik holatlarini tegishli fuqarolar yig‘inlarida muhokama qilish lozimligi ta’kidlandi.