Toshkentda kollej o‘quvchisi o‘rtoqlarini pichoqladi
Bugun, 6 oktabr kuni Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlaridan birida bir nafar shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan baxtsiz hodisa yuz berdi.
6 oktabr kuni soat 10:05da, Uchtepa tumanida joylashgan Toshkent yuridik kolleji hududida 3-bosqich o‘quvchilari – 2000 yilda tug‘ilgan Saidkamron Saidvali o‘g‘li Saidvoxidov, Asadbek Nodirjon o‘g‘li Parpiboyev hamda 1999 yilda tug‘ilgan Rahmatilla Zufar o‘g‘li Yorqoriev o‘rtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida o‘zaro janjallashganlar.
Saidkamron Saidvoxidov pichoq bilan Asadbek Parpiboyev va Rahmatilla Yorqorievlarning chap oyoq son qismiga bir martadan urib tan jarohati yetkazgani xabar qilindi.
Natijada Asabdek Parpiboyev “chap son yuqori uchligiga sanchilib kesilgan jarohati, faol qon ketishi” tashhisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar bo‘limiga yotqizilgan va olgan tan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etgan.
Rahmatilla Yorqorievga “chap son tashqi yuzasi sanchilib kesilgan jarohati” tashhisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida ambulator tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandiga asosan jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.