Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ni haqorat qilish erkinlik va ijodkorlik ifodasi emasligi haqidagi so‘zlarini olqishladi. Bu haqda “Tolibon” tomonidan tayinlangan Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi Abdul Kahar Balxiy Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi. “Afg‘oniston Islom Amirligi” Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning buyuk islom payg‘ambari Muhammad (s.a.v.) ni haqorat qilish so‘z erkinligi emas, balki diniy erkinlikka qarshi chiqish, musulmonlarning muqaddas tuyg‘ularini haqorat qilish degan so‘zlarini olqishlaydi”, deya ta’kidlangan matnda.
Bundan tashqari, “Tolibon” rahbariyati Rossiya rahbarining Afg‘oniston Markaziy banki aktivlarini ozod qilish zarurligi haqidagi so‘zlarini olqishlagan.
Eslatib o‘tamiz, Putin yillik yirik matbuot anjumanida payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ni haqorat qilish ijod erkinligi emasligini aytgandi. Rossiya Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ni haqorat qilish “diniy e’tiqod erkinligini buzish va islom diniga e’tiqod qiluvchilarning muqaddas tuyg‘ularini buzishdir”.