O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2-3 mart kunlari Navoiy viloyatiga amalga oshirgan tashrifi davomida yana bir bor to‘y va hashamlar, ulardagi dabdaba, shuhratparastlik haqida so‘z ochib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarori qabul qilinishi haqida aytgan edi.
Prezident va’dasining ustidan chiqdi. Avval xabar berganimizdek, bugun, 15 mart kuni “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaror loyihasiO‘zbekiston Respublikasi Normativ huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Joriy yilning 30 martiga qadar, 15 kun davomida ushbu qaror fuqarolar tomonidan muhokama qilinib, takliflar qabul qilinadi.
Qarorga muvofiq to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritib borishi belgilangan.
Qarorning ijrosini nazorat qilish esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova zimmasiga yuklanadi.
2017 yilning oktabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 12-yalpi majlisida Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasi tashkil etilib, Svetlana Ortiqova ushbu komissiyaga rahbar etib tayinlandi.