VKontakte ijtimoiy tarmog‘ining 48% aksiyasiga egalik
qiluvchi United Capital Partners (UCP) investkompaniyasi Rossiya OAVlariga
Pavel Durovning Telegram messenjeri ishonchli emasligi haqida xabar jo‘natdi.
Bu haqda Roem.ru xabar bermoqda.
Huquqshunoslar va sanoat mutaxassislari tahlillarining
qisqacha tezislarini o‘z ichiga olgan hujjatda aytilishicha, shifrlangan
ma’lumotlar bilan ishlaydigan dasturlarni iTunes App Store qoidalari bo‘yicha
AQSh Sanoat va xavfsizlik byurosida (BIS) ro‘yxatdan o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Agar aka-uka Durovlar Telegram’ni BIS’da ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsa, unda AQSh
hukumati messenjerda qo‘llanilgan "shifrlash algoritmining barcha
tafsilotlari”dan xabardor bo‘lgan, deyiladi xatda. Maktub mualliflari fikricha,
bunday holat dastur orqali yuboriladigan xabarlarni AQSh maxsus xizmatlari
yashirin kuzatish imkoniyatiga ega ekanligini bildiradi.
Agar Durovlar Telegram’ni App Store’ga BIS’da ro‘yxatdan
o‘tkazmasdan qo‘shgan bo‘lsa, ularni Apple va AQShning mas’ul davlat organlari
tomonidan jiddiy tergov kutmoqda, deya ta’kidlanadi maktubda. Bundan tashqari,
ushbu holatda aka-ukalarga "qora ro‘yxat”ga kiritilish, o‘nlab million
dollarlik jarimalar ham xavf soladi.
UCP o‘z xatida yana bir ehtimolni keltirib o‘tadi. Unga ko‘ra,
Pavel va Nikolay Durovlar AQSh maxsus xizmati bilan hamkorlik tuzgan bo‘lishi,
natijada ular Telegram trafigi ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatgan bo‘lishi
mumkin.
Ushbu xabarnomaga javoban, VKontakte bosh direktori va
Telegram asoschisi Pavel Durov App Store qoidalarida istisno borligini va unga
ko‘ra ochiq kodli dasturlarni BIS’da ro‘yxatdan o‘tkazish shart emasligini ta’kidladi.
Ushbu istisno haqida oldindan bilgan holda, ishlab chiquvchilar dastur
algoritmining ochiqligi uning xavfsizligiga ta’sir qilmasligini ta’minlagan,
dedi Durov.
TJournal nashrining taxmin qilishicha, UCP tomonidan
bunday xabarnomalarning tarqatilishi, VKontakte aksionerlari Durovning chetda
amalga oshirayotgan loyihasidan norozi ekanligini ko‘rsatadi.