Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda moliya vazirliklarining qo‘shma qarori bilan “OTM talabalariga stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritildi.
Ularga ko‘ra, Toshkent davlat yuridik universiteti uchun ta’limning modul tizimi joriy qilinganligi munosabati bilan belgilangan tartibga muvofiq o‘qishga ulgurayotgan talabalarga stipendiya tayinlash o‘quv yilida 2 marotaba o‘tkaziladi va stipendiya har bir o‘quv semestri oyining 1-kunidan to‘lanadi. Stipendiyalar yakuniy nazorat natijalari e’lon qilinganidan so‘ng to‘lanadi.
Istisnosiz barcha OTM uchun belgilangan tartibga muvofiq akademik qarzini bartaraf etgan talabalarga stipendiya akademik qarzni barataraf etishning bir oylik muddati tugaganidan keyingi oyning 1-kunidan boshlab, talabaning davomatiga qarab, tabaqalashtirilgan koeffisientlarni qo‘llagan holda keyingi o‘quv semestriga qadar tayinlanadi.
Shuningdek, barcha OTM uchun ayol talabalarga stipendiya va bolani parvarishlash bo‘yicha nafaqa to‘lash tartibiga tuzatish kiritildi. 2 yoshgacha bolasi bo‘lgan va o‘qishni ta’limning kunduzgi shaklida davom ettirayotgan talaba ayollarga stipendiya to‘liq miqdorda to‘lanadi. Ilgari ayol talabalarga bir vaqtning o‘zida to‘liq hajmda stipendiya va bolani paravarishlash bo‘yicha oylik nafaqa to‘lanar edi.