Joriy yilning 25-mart kuni Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi “O‘rta qishloq” va “O‘zgarish” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilib keluvchi besh nafar fuqaroning daydi it tomonidan tishlanish holatlari kuzatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Barcha jabrlanuvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, quturishga qarshi vaksinatsiya kursi olib borildi va ularning salomatligi tibbiy kuzatuvga olindi.
Tuman Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, Veterinariya va Obodonlashtirish bo‘limlari mutaxassislari tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlari faollarini jalb qilgan holda joylarda qarovsiz hayvonlarni tutish va zararsizlantirish, fuqarolarning ulardan jabrlanishi oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan tarzda amalga oshirilmoqda.
Vazirlik fuqarolarni xonadonlaridagi itlarni o‘z vaqtida yuqumli kasalliklarga qarshi emlatishga, ularni saqlash qoidalariga amal qilishga chaqirdi.