21-avgust kuni Milliy matbuot markazida Mustaqilligimizning 24 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga diplomlar va esdalik sovg‘alar topshirildi.
G‘oliblar “Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari”, “Bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari”, “Televidenie va radio ijodkorlarining materiallari”, “Tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari”, “Kino san’ati asarlari” bo‘yicha aniqlandi.
Birinchi o‘ringa munosib topilganlar:
Yozuvchi Alisher Ibodinov «Buyuk tog‘lar” kitobi uchun;
“Dunyo bo‘ylab” telekanali jamoasi «Ajdodlar dahosi», «O‘zbekiston bag‘rikeng diyor», «Shukrona», «O‘zbekiston deya atalur», «Bu yo‘llar», «Jahon bo‘ylab» turkum ko‘rsatuvlarida mustaqillik bergan ne’mat, tinch hayotimizdagi islohotlar va ona diyorimizning bugungi manzaralari o‘zgacha talqindagi namoyishi va tomoshabinlarda Vatan tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan mavzulari uchun;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi veb-sayt axboroti tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari Iroda Umarova mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni internet tarmog‘i orqali chet el ommasiga yetkazishdagi ishtiroki, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rni, yurtimizda o‘tayotgan yirik xalqaro tadbirlar tezkor va tahliliy yoritilgan materiallari uchun;
Respublika «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi dizayneri - Rustam Xudoyberganov
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xalqimiz qo‘lga kiritayotgan yutuqlar, «Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!» mavzusidagi turkum dizaynlari uchun;
“O‘zbekfilm” OAJ rejissyori Rustam Sa’diev «Cotqin» badiiy filmidagi rejissyorlik ishi uchun;
Birinchi darajali diplom bilan taqdirlangan el sevgan rejissyor Rustam Sa’diev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy ko‘rik-tanlovida birinchi o‘rin olganim, qaysidir ma’noda yurtim oldidagi o‘z burchimning ado etishim boshlanganidan dalolatdir. Millatimiz tafakkurini o‘stirish, uning ruhiyatiga ijobiy harorat taqdim etish yo‘lida bu g‘alaba, bunday yuksak e’tibor menga katta dalda bo‘ladi. Nasib etsa, hali hammasi oldinda! Kuting!” – deydi, “Sotqin” rejissyori.
Barcha g‘oliblarni chin dildan qutlab, ular o‘z sohalarida bundan-da balandroq cho‘qqilarni zabt etishlariga umid qilib qolamiz.