Farrux Soipov “Sotqin” filmining tanqidchilariga javob berdi
Taniqli kinoaktyor Farrux Soipov “Darakchi” muxbirining yaqinda katta ekranlarga chiqqan “Sotqin” filmi haqidagi savollariga javob berdi.
Ekstremistik guruhlarga kirib qolgan yoshlarning taqdiriga bag‘ishlangan ushbu kartina jamiyatda muayyan rezonansga sabab bo‘ldi. Rag‘bat so‘zlari bilan bir qatorda, tanqidiy fikrlar ham aytildi. Bosh qahramonni gavdalantirgan Soipov bu tanqidlarga javob berib o‘tdi.
“Ko‘pchilikdan “Film bosh qahramoni zamonaviy yigit, ustiga-ustak, jurnalist bo‘lsa, jahonda kechayotgan voqeliklardan xabardor bo‘la turib, qanday qilib bu yo‘lga kirib qolishi mumkin?” degan e’tirozlarni eshitdim, – tan oladi san’atkor. – Diniy-ekstremistik guruhlarga qo‘shilib qolganlar orasida aqlli, ziyolli yoshlar kammidi? Yo terroristlar orasida Hafizullo Omon kabi ko‘pni ko‘rgan, ancha yillik hayotiy tajribaga ega, oq bilan qorani ajrata oladiganlar yo‘qmi? Menimcha, bu yo‘l odam tanlamaydi. Ular orasida dunyo ilmi bilan tanish, inson ruhiyatini juda kuchli tahlil eta oladigan ekspertlar ham bor. Filmdagi Hafizullo Omon obrazi orqali aynan shunday odamlarni tasvirlashga urinilgan. Filmda u bilan dialogimiz chog‘ida ham meni aynan kasbim nuqtai nazaridan suhbatga tortadi va o‘z g‘oyalarini asta-sekinlik bilan singdirishga urinadi”.