Toshkent viloyati Zangiota tumani “Fath” jome masjidida imom noibi vazifasida ishlab kelgan Solixon Ortiqxo‘jayev ishdan bo‘shatildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan ushbu imom noibining internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari hamda mehnat majburiyatlarida ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida fuqarolar, davlat, jamoat va diniy tashkilotlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi axborot tarqatmaslik, salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmaslik talablari qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Idora tomonidan 2021-yil 30-noyabrda chiqarilgan buyruqda diniy soha xodimlari tomonidan jamoat oldida, OAV, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda muayyan shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan ma’lumot e’lon qilish Mehnat kodeksida belgilangan tartibda mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan intizomiy chora ko‘rilishi qayd etilgan.
“Solixon domla Ortiqxo‘jayev aholi, ayniqsa, Toshkent viloyati musulmonlari orasida hurmat-ehtiromga ega bo‘lgani e’tiborga olingan holda, 2021-yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimiga imom noibi vazifasiga rasman ishga qabul qilingan edi. Mazkur imom noibi xalqimizning diniy ehtiyojlarini qondirishga, taqvo, ilm-ma’rifat, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan sunnat bo‘lgan islomiy odob-axloq bilan samarali xizmat qiladi, deb umid qilingan edi.
Taassufki, o‘tgan davr davomida diniy idora Solixon domla Ortiqxo‘jayevning faoliyatidan kutilgan natijalarni olmadi. Domla birinchidan, aksariyat vaqtini turli hududlarda istiqomat qiluvchi muxlislari taklif etgan to‘y-marosimlarga sarflab, ikkinchi tomondan, yashash manzili uzoqda ekanini sabab qilib, biriktirilgan masjidda to‘laqonli ishlagani yo‘q.
Eng asosiysi, Solixon domla O‘zbekiston musulmonlari idorasi ichki mehnat tartibi, buyruqlari, shuningdek, imom-xatib va imom noiblarning odob-axloq qoidalari va mehnat majburiyatlarida axborot tarqatish, ma’ruza qilish masalalarida yuqorida qayd etilgan talablarga rioya eta olmadi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, o‘tgan davr ichida Solixon domla ijtimoiy tarmoqlarda diniy soha vakili maqomiga zid chiqishlari uchun bir necha bor O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati tomonidan ogohlantirilib, unga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berilgan. Solixon domla 2021-yilda o‘zining chiqishlarida amaldagi qonun talablarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ammo Solixon domla yuqorida qayd etilgan ogohlantirishlardan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi 20-yanvar kuni Mehnat kodeksining 100-moddasi (mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish) asosida Solixon domla Ortiqxo‘jayev bilan mehnat shartnomasini bekor qilib vazifasidan ozod etgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining bildirishicha, ilmga ega bo‘lmay yoki masalani chuqur tahlil etmay, manbalarga tayanmay aytilgan har qanday gap, hatto uni ahli ilm aytgan bo‘lsa ham, fatvo hisoblanmaydi va shar’iy kuchga ega emas.