Polsha og‘ir jinoyatda ayblanayotgan shaxsni O‘zbekistonga ekstraditsiya qildi
O‘zbekiston va Polsha davlatlari Interpol xodimlari hamkorlikda olib borgan harakatlari natijasida og‘ir jinoyatda ayblanayotgan jinoyatchi qo‘lga olinib, ekstraditsiya qilindi.
Interpolning O‘zbekistondagi milliy markaziy byurosi xabariga ko‘ra, 2021 yil avgust oyidan beri huquq-tartibot idoralar tomonidan zo‘rlashda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi M.N. Interpolning O‘zbekistondagi MMB xodimlari hamkorligida Varshavadan Toshkentga ekstraditsiya qilindi.
Joriy yil yanvar oyida jinoyatchi Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvga berilgan, mart oyida esa polshalik hamkorlar tomonidan M.N. Polsha hududiga kirgani haqida xabar kelgan.
Shundan so‘ng, Interpolning O‘zbekistondagi MMB xodimlari tomonidan qidiruvdagi shaxsni aniqlash va qo‘lga olish borasida sa’y-harakatlar boshlab yuborilgan va protsessual hujjatlar bo‘yicha tezkor qidiruv tadbirlari amalga oshirilgan, buning natijasida M.N. ushlangan.
Ekstraditsiya talabi qanoatlantirilgandan so‘ng, huquqbuzar jazo olish uchun O‘zbekistonga qaytarildi.