Jizzaxda kechasi yugurishga chiqqan shaxs rejalashtirilgan qotillik qurboni bo‘ldi
Joriy yilning 12 iyul kuni Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga Zilol mahallasida istiqomat qiluvchi 1982 yil tug‘ilgan M.Sh. murojaat qilib, akasi 1964 yil tug‘ilgan M.B.ning yo‘qolib qolganligini bildirdi. Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, fuqaro M.B. maktabgacha ta’lim tashkiloti sport to‘garagi tarbiyachisi bo‘lib ishlab kelgan. U joriy yilning 8 iyul kuni soat 02:00 lar atrofida mahallasi hududida sport bilan shug‘ullanish uchun yugurishga chiqib izsiz yo‘qolgan. Mazkur holat yuzasidan ichki ishlar xodimlari tomonidan tezkor qidiruv va surishtiruv ishlari boshlab yuborildi. Natijada Sharof Rashidov tumani, Saraylik mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 1987 yil tug‘ilgan T.A.ning fuqaro M.B.ni bosh va ensa sohasiga qattiq to‘mtoq jism bilan urib, Obod mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binosi ro‘parasidagi chuqurga ko‘mib yuborgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro T.A.ning marhum M.B.dan pul qarzi bo‘lgan. Fuqaro qarzdorlikni qaytarmaslik uchun mazkur qotillikka qo‘l urgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.