Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida 1961-yilda tug‘ilgan ayolning nomusiga tegganlikda gumonlanib, tergov organlaridan yashirinib yurgan erkak qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, tumanning “Havzak” mahallasida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan K.D. qidiruv tadbirlari natijasida ushlangan. Viloyat va tuman IIB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan keng qamrovli qidiruv tadbirlari natijasida ushbu shaxs dastlab Jizzax viloyati Zarbdor tumanida, keyinchalik Arnasoy tumanida yashirinib yurgani to‘g‘risida ma’lumot olingan.
Ushbu shaxsni topish yuzasidan tezkor qidiruv harakatlari olib borildi va u Arnasoy tumanida joylashgan ko‘l ortidagi chekka bir hududda yashirinib yurgan vaqtda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. U ayni paytda Past Darg‘om tumani IIBga olib kelingan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, ushbu shaxsga nisbatan 2022-yilning 12-mart kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Sirtdan ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilingandi.