Smartfon yordamida pul topish va uni tejash usullari
Ko‘pchilik uchun smartfon – xarajatlar manbayi. Telefon orqali pul topish haqida esa kamdan kam odamlar biladi. Buning uchun maxsus qobiliyat va malaka talab qilinmaydi, gadjetdan foydalanishni bilsangiz kifoya.
Fotosuratlar sotish
Bugungi kunda fotosuratlar orqali pul topish uchun qimmat apparaturaga ega professional fotograf bo‘lish shart emas.
Masalan, Android va IOS uchun bepul Foap dasturi orqali fotosuratlar sotishingiz mumkin. Albatta, gadjet egasining odatiy selfilari hech kimga qiziqmas, ammo ajoyib suratlar ko‘pchilik kompaniyalarni qiziqtirishi tayin. Bir tusli fonda tushirilgan alohida predmetlarning surati, ayniqsa, mashhur.
Fotosuratlar miqdoriga cheklov yo‘q, foydalanuvchi dasturga istaganicha surat yuklashi mumkin, keyin esa kimdir sotib olishini kutish kerak. Bitta surat sotuvchiga 5 dollar daromad keltiradi.
Ba’zi foydalanuvchilar Foap dasturi orqali oyiga bir necha yuz dollar miqdorda daromad ko‘radi, ammo bunday natija uchun mehnat qilish kerak. Chunki hamma suratlar oldindan tekshiriladi, zerikarli, xira va rangsiz suratlarni dasturga yuklashga ruxsat berishmaydi.
Xarajatlarni kamaytirish
Korxonalarning ba’zi xodimlari kompaniya nomidan tez-tez chet el safariga boradi. Rahbariyat tomonidan xarajatlar qoplanishi uchun ularning miqdorini ko‘rsatish kerak. Buxgalteriyada ko‘pincha isbot sifatida cheklarni qabul qilishadi va shu asosida xarajatlar qoplanadi.
Biroq xizmat safari uzoq va qiyin bo‘lsa, har doim ham bir uyum cheklarni terib, olib yurish imkoni bo‘lmaydi. Bundan tashqari, kichik qog‘ozchalar tez yo‘qoladi.
Bunday holat yuz bermasligi uchun Expensify nomli maxsus bepul ilova yaratilgan bo‘lib, u kvitansiyalar suratiga qarab moliyaviy hisob-kitoblarni avtomatik ravishda amalga oshiradi va cheklarning suratini saqlaydi. Chek yo‘qolgan bo‘lsa, dasturni bank hisobi bilan bog‘lash mumkin, shunda u xarajatlarni dasturdan hisob raqamiga uzatadi. Expensify ilovasining afzalligi – asosiy buxgalteriya dasturlari bilan mos kelishidir, shunday ekan, barcha ma’lumotlarni osonlik bilan moliyachining kompyuteriga joylashtirish mumkin.
Videotasvir va videosuratlar sotuvi
Qiziq voqealar markazida bo‘luvchilar uchun Mymobstr dasturi voqealarning foto va video tasviri uchun pul ishlash imkoniyatini taqdim etadi. Soddaroq aytsak, mobil telefon yordamida har qanday odam mustaqil jurnalistga aylanishi mumkin. Dasturning ishlashi oddiy – istagan kishi ro‘yxatdan o‘tadi va OAV uchun qiziq deb o‘ylagan foto yoki videosini joylashtiradi. Keyin esa kutasiz, xolos – biror bir yangilik manbasi materialingizga qiziqsa, belgilagan narxingizda sotib oladi.
Pul topishning boshqa bir yo‘li ham bor – buyurtma bilan. Yangilik nashrlari ma’lum bir hodisani tasvirga olish uchun buyurtma beradi, uni belgilangan muddatda tayyorlab berasiz. Buyurtmachining hamma talablariga mos kelsa, ish haqingiz to‘lanadi.
Ilova rus tilida ishlaydi.
Dasturlar yuklash
Hech qanday malaka talab qilinmaydigan daromad topish usuli – App Tools ilovasi yordamida dasturlarni yuklashdir. Foydalanuvchi dasturda ro‘yxatdan o‘tadi va ilova taklif qilgan dasturlarni smartfoniga yuklaydi. Buning uchun ichki hisobiga pul tushadi. Qiyinroq vazifalar ham berilishi mumkin, masalan, o‘yinni o‘rnatgach, ma’lum bir bosqichga yetish lozim – bunga ko‘proq pul to‘lanadi. Keyinroq dasturni o‘chirib yuborsangiz ham bo‘ladi, ammo shoshilmaslik kerak, ko‘pgina buyurtmachilar ma’lum bir muddat belgilaydi, bu vaqt davomida ularning mahsuloti foydalanuvchining smartfonida bo‘lishi kerak.
Bunday usulda ko‘p pul topolmaysiz, ammo mobil internet uchun ketadigan xarajatlaringizni bemalol qoplashingiz mumkin.