Smartfon ekranidan matn o‘qish aqli zaiflikka olib keladi
Mobil telefonlar va smartfonlardan ko‘p foydalanadigan odamlar boshqalarga nisbatan ko‘proq aqli zaiflikka chalinadi. Bu haqda, “Chjunsinvan” portaliga asoslanib, “MacDigger.ru” xabar bermoqda.
Xitoyning Xebey viloyati an’anaviy tibbiyot gospitali ensefalopatiya bo‘linmasi rahbari Su Chjivey olib borgan tadqiqotlaridan so‘ng mobil aloqa vositalaridan me’yoridan ortiq foydalanadigan odamlarning xotirasi zaiflashadi, degan xulosaga keldi.
Bundan tashqari, kichik ekranlardan foydalanish ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Smartfon foydalanuvchilari to‘qnash keladigan yana bir jiddiy muammo umurtqa pog‘onasidagi surunkali og‘riqlar bilan bog‘liq spondilyoz xastaligidir.
Su Chjivey hamkasblari bilan birgalikda telefondan ko‘p foydalanish hamda bilish qobiliyatining pasayishi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrelyatsiya mavjudligini isbotlab berdi.
Tadqiqot natijalari e’lon qilingach, Xebey viloyatidagi maktablardan birida maxsus o‘qish zonasi tashkil etildi. Tanaffus chog‘ida o‘quvchilar shu hududga o‘tib, ma’lumotlarni elektron tashuvchilardan emas, bevosita qog‘ozli manbalardan o‘qishadi. Shu yo‘l bilan bolalarning xotirasiga smartfonlar o‘tkazayotgan salbiy ta’sirni kamaytirish mumkin, deb e’tirof etilmoqda.