Shanxay hamkorlik tashkiloti hisob-kitoblarni yuritishda AQSH dollaridan a’zo davlatlarning milliy valyutalariga o‘tish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqmoqda. Biroq ayni paytda yagona valyutani joriy etish masalasi hali ko‘rib chiqilmayapti. Bu haqda SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Grigoriy Logvinov ma’lum qildi.
“Milliy valyutalarda hisob-kitoblarga o‘tish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda. Ish jiddiy va mazmunli olib borilmoqda. Jarayon oddiy emas, chunki, dollar jahon zaxira valyutasi sifatida, jumladan, milliy valyuta tizimlariga juda chuqur singib ketgan”, degan Logvinov.
Uning ta’kidlashicha, dollardan butunlay voz kechish uchun hali qilinishi kerak bo‘lgan ko‘p ishlar bor.
“SHHTning qandaydir yagona valyutasini joriy qilish masalasiga kelsak, bu savol hozircha mavjud emas va bunday maqsad hali belgilanmagan. Mayli, biz izlanishda davom etamiz”, deydi SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy va Braziliya savdo operatsiyalarida o‘z valyutalari foydasiga dollardan voz kechishga qaror qilganini rasman e’lon qilganidan so‘ng amerikalik sharhlovchi Farid Zakariya jahon bozorida dollar kursining pasayishi va bu tufayli sodir bo‘ladigan jiddiy inqiroz hamda AQSH iqtisodining tanazzulga uchrashini bashorat qilgandi.