O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-fevral, juma kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi. Prezident qurilishi davom etayotgan obyektlarni ko‘zdan kechirdi, kamida ikki katta loyihaning ramziy “tamal toshi”ni qo‘yib berdi, shuningdek, bir guruh adiblar bilan muloqot qilishga ham ulgurdi. “Daryo” Shavkat Mirziyoyevning 3-fevraldagi poytaxt bo‘ylab safarini bir sahifaga jamladi.
Prezident “Novza” (sobiq “Hamza”) metro bekati oldidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishi bilan tanishdi. “Ko‘prik Navro‘z bayrami arafasida ishga tushirilishi mo‘ljallanmoqda”, — deb yozadi O‘zA. Shavkat Mirziyoyev qurilishning borishi bilan tanishar ekan, Toshkentda qo‘shimcha yo‘llar va ko‘priklar barpo etishga ehtiyoj sezilayotganini alohida ta’kidladi, quruvchilarga ishning tez va sifatli bajarilishi yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. “Axborot” tarqatgan xabarga ko‘ra, Prezident shu yerning o‘zida Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasi (“Mirzo Ulug‘bek” metro bekati oldi)da quriladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishgan.
Shavkat Mirziyoyev Sergelida uchta obyektda bo‘ldi. Dastlab tumanda yangi qurilayotgan metro yo‘nalishi borib ko‘rilgan. O‘zbekiston rahbari qurilish ishlari bilan tanishar ekan, bu loyiha O‘zbekiston tarixida yagonaligini alohida ta’kidladi. Shundan so‘ng tumanda bunyod etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli uylar bilan tanishgan. “Mazkur uy-joylar taqsimotida adolat mezoniga qat’iy rioya etilishi kerak. Shunda xalqimizning kayfiyati yaxshi, hayotdan rozi bo‘ladi”, — dedi Prezident. Xabar berishlaricha, tumanda 2021-yilga qadar qurilishi aytilgan 500 ta yangi uydan 66 tasi mustaqillikning 26 yilligi arafasida foydalanishga topshiriladi.
Sergeliga tashrif davomida Prezident “Toshkent metallurgiya zavodi” qurilishi bilan ham tanishgan. 100 gektar maydonni egallagan, qiymati 278 million dollarlik bu xorijiy korxona ishga tushganidan so‘ng yiliga 500 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarishi, 1000 dan ziyod ish o‘rni yaratishi kutilmoqda. “Axborot” xabariga ko‘ra, Prezident bu yerda zavodning poydevorini quyish marosimida qatnashgan.
Toshkentda ko‘p tarmoqli sport kompleksi — “Humo” quriladi. Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Olmazor va Beshyog‘och ko‘chalari kesishuvidagi hududda barpo etilayotgan bu obyekt qurilishini ko‘zdan kechirib, bunday zamonaviy sport inshootlarining barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi, mutasaddi rahbarlarga qurilish jarayonini yuqori sifatda amalga oshirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. Qayd etish joiz, arenada nafaqat xokkey matchlari, short-trek, figurali uchish, kyorling bo‘yicha musobaqalar, balki basketbol, voleybol, gandbol, futzal, boks, taekvondo va boshqa sport turlari bo‘yicha ham bellashuvlarni o‘tkazish, umumxalq bayramlari, konsertlar, ko‘rgazma va forumlar tashkil etish mumkin bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev Yakkasaroy texnoparki va Toshkentdagi Xalq qabulxonasida ham bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Yakkasaroy texnoparki hududidagi loyihalar bilan tanishar ekan, bunday kichik sanoat zonalarini Toshkentning barcha tumanlarida tashkil etish, ularda kichik biznes vakillariga keng imtiyozlar yaratish zarurligini ta’kidladi. Prezident bu yerda tadbirkorlar bilan muloqotda ham bo‘ldi. Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishar ekan, Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: “Toshkent shahrining salohiyati ham, aholi soni, odamlarning talabi ham boshqa joylardagidan yuqori. Ishni shunga muvofiq tashkil etish kerak. Bu maskan xalq manfaatlarini ta’minlaydigan, ishonchini qozonadigan dargoh, adolat zamini bo‘lsin”.
O‘zbekiston Prezidenti shahar bo‘ylab safari davomida bir guruh adiblar bilan uchrashdi. Uchrashuv Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘idagi Shoirlar xiyobonida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Shoirlar xiyobonini yanada obod qilish, yoshlarni kitobga oshno qilish, mashhur adiblar hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ularni bu dargohga muntazam ravishda jalb etish haqida so‘z bordi. Uchrashuvda shoir va yozuvchilar ijod ahliga, kitob mutolaasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.