Rossiyalik ayol farzandini sumkaga solib, ko‘chaga tashlab ketdi
Bugun, 21 iyun kuni Rossiyaning Volgograd viloyatida qo‘zi yorigan zahoti farzandini xo‘jalik sumkasiga joylashtirib, qo‘shni ko‘chaga tashlab ketgan ayol polisiya tomonidan ushlandi. Bu haqda “Ren.tv” nashri xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 36 yoshli ayol homiladorlik vaqtida oilaviy poliklinikaga biror marta ham murojaat qilmagan va homiladorlar ro‘yxatidan o‘tmagan. Uning asl maqsadi chaqaloqni dunyoga keltirgach, undan qutulish bo‘lgan.
Xo‘jalik sumkasi ichiga solib, tashlab ketilgan qizaloqni Volgograd viloyatidagi ko‘chalarning biridan o‘tib ketayotgan yo‘lovchilar topib olishgan. Norasida zudlik bilan tug‘ruqxonaga yetkazilgan va unga birinchi yordam ko‘rsatilgan.
Ayni vaqtda qizaloq Mehribonlik uyiga joylashtirilmoqda. Uning onasiga nisbatan esa jinoiy chora ko‘rilishi aniq.