Rossiya yangi sanksiyalardan xavotirda ekanligini bildirdi
Moskva rasmiylari AQShning Rossiyaga nisbatan yana qo‘shimcha sanksiyalar e’lon qilishidan o‘z xavotirlarini bildirmoqdalar.
Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgan. Uning aytishicha, “Rasmiy Kreml AQSh davlatining Rossiya davlatiga nisbatan e’lon qilgan sanksiyalariga har doim salbiy munosabatda bo‘lib kelgan”. Rossiya bunday sanksiyalarni noqonuniy, deb hisoblaydi.
Shuningdek, Kreml yangi sanksiyalar to‘g‘risida gap-so‘zlar bo‘layotganidan xabardor. Dmitriy Peskov, “Bu gaplar bizda xavotir paydo qiladi. Men hozir sovuq urush yoki shunga o‘xshash iboralarni gapirmoqchi emasman, lekin, nima bo‘lganda ham, yuqori darajada bo‘lmagan ikki tomonlama hamkorlik yana boshqa zarbalarni ko‘tara olmasligi xavfi mavjudligini esdan chiqarmasligimiz kerak”, degan.
Bundan oldinroq, Rossiya Sberbanki rais German Gref, Financial Times nashriga bergan intervyusida AQShni Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llamaslikka chaqirgan edi.