Polsha hukumati bugun, 1 mart kuni Ukrainadagi urush tufayli Varshava va Moskva o‘rtasida davom etayotgan yuqori keskinlik fonida foydalanuvchilarning onlayn soliq to‘lash tizimiga kirishini to‘sib qo‘ygan xakerlik hujumi ortida Rossiya turganini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, G‘arb rasmiylari Rossiya hukumatini xakerlik bo‘yicha global yetakchi deb biladi. Ular Rossiyani xorijiy hukumatlarga qarshi kiber-josuslikdan foydalanishini da’vo qiladi. Moskva esa doimiy ravishda xakerlik operatsiyalarini amalga oshirayotganini rad etib keladi.
“Kechagi hujum uchun rossiyaliklar javobgar, buni aniq aytish kerak. Biz bu aynan ular ekanini ko‘rsatadigan ma’lumotlarga egamiz”, deydi Polsha rasmiysi Yanush Seshinskiy.
Rossiyaning Varshavadagi elchixonasi esa ayblovlarni rad etgan. Elchixonadan vaziyatga izoh so‘ralganda:
“G‘arbda hozir Rossiyani hech qanday dalilsiz ayblash mumkinligiga allaqachon o‘rganib qolingan. Bu “ehtimoli yuqori” deb aytishning mashhur uslubidagi yana bir holat”, degan javob olingan.
Manbaga ko‘ra, kiberhujum xizmat ko‘rsatishni rad etishdan iborat bo‘lgan, ammo soliq to‘lovchilarning ma’lumotlari oshkor qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Federatsiyasi bilan aloqadorligi taxmin qilingan xakerlar guruhi AQSHning uchta yadroviy tadqiqot laboratoriyasiga hujum qilgani aniqlangandi.