Moskva birjasidagi savdo boshlanishida rublning dollarga nisbatan qiymati keskin pasayib ketdi. Unga ko‘ra, bir AQSh dollari 69 rubldan qimmatroq baholangan bo‘lsa, yevro kursi 78,5 rublga teng bo‘lib turibdi.
Oxirgi marta bunday ko‘rsatkich bir hafta oldin qayd etilgan edi. Shuningdek Rossiyaning asosiy indekslari qiymati ham qulamoqda. Mosbirja indekski 1,59 foizga, RTS esa 2,35 foizga pastlagan.
Rossiya valyutasining qadrsizlanishi AQShdagi vaziyat bilan bog‘liq. Amerikada rekord darajada neft zaxirasi jamlangani xabar qilingach, neft narxi yana pastlay boshladi. Sort Brent'ning bir barreli 40 dollarga baholangan bo‘lsa, WTI 38 dollardan pastga tushgan.
Boz ustiga Federal zaxira tizimi prognozlariga ko‘ra ishsizlik oshgani va YaIM ishlab chiqarish pasaygani aytilmoqda. Bu esa sarmoyadorlar tomonidan turli ishonchsiz valyutalardan ko‘ra dollarga ko‘proq e’tibor berilishiga olib keldi.
Eslatib o‘tamiz, hafta boshida OPEK+ a’zolari iyul oyida neft qazib chiqarishga maksimal cheklov kiritishga kelishib olgach, rubl qiymati oxirgi uch oyda ilk marta ko‘tarila boshlagan edi. Ammo endi rublning qiymati yana pastlay boshladi.