Rayhon va Yigitali: Eng mashhur juftlikka darz ketdi?!
Ijtimoiy tarmoqlarda Rayhonning turmush o‘rtog‘i bilan ajrashayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldiki, “Ayfon 6” chiqqanida ham bu qadar katta shov– shuv bo‘lmagandi. “Nega? Nima uchun? Afsus! Ie?!” – taajjub va savollarning keti uzilmayapti.
Rayhon bilan bog‘liq voqealar u ijodga kirgandan boshlab, minglab muxlislarning ko‘zini chetlatib o‘tishi mumkin emas! Xullas, Rayhon bilan eksklyuziv suhbat uyushtirishni lozim topdik. Bu shunchaki an’anaviy savol– javob emas, siz kutayotgan, aniq javob izlayotgan savollarga sevimli xonandaning o‘zidan aniq ma’lumotlar eshitamiz.
– Charchaganingiz ko‘rinib turibdi. Konsertga katta tayyorgarlik ko‘rayotganingizdan darak bu...
– Vokalistlar bilan ishlayapmiz. Mening yangi maneram borasida. Umid qilamanki, o‘zgarishimni muxlislar iliq qabul qiladi. Chunki, juda boshqacha bo‘laman! – Boshqacha? Qanaqa bo‘lasiz?
– Maksimum darajada jonli musiqa bo‘lishi ustida harakat qilayapmiz. To‘g‘ri, to‘liq jonli ijroga o‘tish oson emas. Biroq, 70– 80 foiz jonli ijro bo‘ladi. Mening shoumni raqslarsiz tasavvur etib bo‘lmasa kerak. Shu boisdan har bir qo‘shiqqa raqs sahnalashtiryapmiz. Jonli kuylayotganim sababli yengilroq kuylashda raqsga to‘liq e’tibor qaratiladi, og‘irroq bo‘lsa, raqsni kamaytiramiz. Bu yil ikkita balet guruhi ishlaydi. Boshqacha konsert bo‘ladi. Odatiy shoularimdan juda farq qiladi.
– Jonli kuylay olishingizga ishonyapsiz?
– Albatta.
– To‘rt kun jonli kuylash qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Kuchingiz yetadimi?
– Har kuni repetisiya qilayapmiz. Tik turib kuylash ham muxlislar o‘ylagani u qadar oson emas. Biroq, harakatlar bilan jonli kuylash yurakka yetarlicha yuk tashlaydi. Nafas olish tizimini ham zo‘riqtirib qo‘yadi. Biroq, nailoj! El hurmatiga munosib bo‘lish uchun har qanday qiyinchilikni yengish darkor!
– Jonli kuylashda kimdan o‘rnak olasiz? Ozodbek, Jahongir...?
– Har bir san’atkor qoyil qoldirishni istaydi. Yulduz va Ozodbekning janri o‘zgacha. Ham raqsga tushib, ham jonli kuylash juda murakkab. Ta’bir joiz bo‘lsa, og‘izdan yurak chiqqudek bo‘ladi. Ozodbek aka deyarli bir oy “layv” kuylagani bizlarga katta dars bo‘ldi. Har bir san’atkor bugun o‘zining ovoz imkoniyatlarini kengroq ko‘rsatishga harakat qilyapti.
– Konsert afishalarida yana bir bor didingizni ko‘rsatdingiz. Boshingizdagi katta shlyapani ko‘pchilik fotoshop deb o‘ylayapti...
– Yo‘q. Bu montaj emas. 10 yildan beri “Kanaki” fotostudiyasi bilan ishlab kelamiz. Fotouslubda kreativ bo‘lishini istadik. Bu suratda mening imijimga hech bir narsa kompyuter orqali qo‘yilmagan.
– Sizning hech kimga aytolmaydigan sirlaringiz bormi?
– Menimcha, har bir insonning ichida o‘ziga ayon sirlari bor. Meni omma uchun keragicha ochiq inson edim. Yoshim ulg‘aygan sari angladimki, yurakni faqat seni chin yurakdan tushuna oladigan va siringni hammaga dasturxon qilmaydigan odamlarga ochish kerak ekan. Bu insonlar doirasi esa yil sayin qisqarib bormoqda. Shunday narsalar borki faqat o‘zing va O‘ziga ayon.
– Katta bir omadingiz shundaki, konsertlaringizga chiptalar topish muammoga aylanadi. Sun’iy tomoshabin yig‘ish muammosi sizda yo‘q! Balki konsert kunlarini ko‘paytirarsiz?
– Biz bu haqda ham o‘ylab ko‘rayapmiz. Vaziyatga qaraymiz. Chiptalar tugab, saroy ish rejasida bo‘sh kun bo‘lsa, albatta, yana bir kun qo‘shamiz.
– Konsertdan keyin yangi albomingizni ommaga taqdim etasiz. Qaysi qo‘shiqlaringizxit bo‘lishidan umidvorsiz?
– Sizga yoqmaydigan “Izlama” qo‘shig‘im (kuladi). Bu qo‘shig‘im o‘z tinglovchilarini topganidan xursandman. Haqiqatan ishongandim. Va shunday natija berdi. Menimcha, hozir ommaga raqsbop taronalardan ko‘ra, qalbga mahzunlik ulashadigan qo‘shiqlar yoqyapti.
– Fevral konsertlarga to‘la. Manzura, Shohruxxon, Gulsanam... Ulardan kimning konsertida tomoshabin bo‘lish ishtiyoqingiz bor?
– Gulsanamning konsertini tomosha qilganman. Shohruhxon hech qachon taklif etmagan. Meni yoqtirmasa kerak! Agar, taklif etishni joiz topsa, albatta boraman.
– Manzura 18 yillik ijodini sarhisob qilyapti...
– 18 yil?! Bu ikkinchi konserti, menimcha. “Turkiston”da ilk konsert berganini eshitgandim. 18 yildan beri ijod qilayotgan ekan, demak, u ancha xitlarini taqdim etadi.
– Shuncha yildan beri ijoddasiz. Shogirdlikka tushish istagidagi talantlarga yordam berish haqida o‘ylab ko‘rmadingizmi?
– Men hali o‘zimni kimgadir o‘rgatishga loyiq ijodkor sanamayman. Hali o‘rganyapman. Ikki yildan beri konsert bermaganim uchun raqs va sahna harakatlaridan uzoqlashgandayman. Nazarimda, ikki yil emas, 10 yil yo‘qotdim. Hammasini qaytadan boshlashim kerak. Shuning uchun yo‘qotilgan imkoniyatlarimga qayta ega bo‘lish uchun 10 karra ko‘proq ishlashim kerak. Mashhur pianinochi Rixterning gapi bor: “Bir oy barmoqlaring pianino klavishalarini bosmasa, 1 yil orqaga ketasan”! Nazdimda, uning gapi hamma sohaga tegishli.
– Mitti qorbobochalaringizga nima sovg‘a qildingiz?
– Ular mening quyonchalarim! Mashinachalar, velosipedlar, karaoke– robotlar... Ularga har doim o‘yinchoqlar xarid qilgim keladi. Singlim “Buncha o‘yinchoqni nima qilasiz?” deb hayratda. (kuladi). Men esa bu hayratga parvo qilgim yo‘q! – Ko‘pchilikning fikricha, turmush o‘rtog‘ingiz bilan munosabatlaringizga nuqta qo‘yayotganingiz konsert oldi piar! Shunga oydinlik kirita olasizmim?
– Piar deyishlariga sabab, “to‘yining ertasi kuni ajrashib ketishadi” degan gap– so‘zlar ancha oldin bolalaganidir. Biroq, bu gaplarning konsertimga umuman aloqasi yo‘q. Hozirgi vaziyatga to‘xtalsam, murakkab. Nimalar sodir bo‘layotganini esa birma– bir ommaga dasturxon qilish niyatim yo‘q. Bu shaxsiy hayotim. Ichki munosabatlar. – Turmushning “musht”i va shirinini ham totishga ulgurdingiz. Sizningcha, oilani qaysi omillar mustahkamlaydi?
– Hurmat. Er– xotinning o‘zaro hurmati. Har qanday vaziyatda ham uni saqlab qolishga harakat qilish kerak. Hurmat yo‘qolsa, mustahkamlik qulaydi...
– Siz yaxshi rafiqa bo‘la oldingizmi?
– Xotin sifatida menga bog‘liq hamma narsani bajardim. Erim uchun o‘z vaqtida ovqatini hozirladim, kiyimlarini dazmolladim, kirini yuvdim... Uyimni sarishtali va shinam tutdim. Ko‘p ayollar kabi erimdan qancha pul topayotganini so‘ramadim. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar uni tushunishga harakat qildim. Ayb izlamadim, uni turli vajlar bilan boshini og‘ritmadim. To‘g‘ri yoshdagi farqimiz 12 yil. Men ham uning yoshidagi davrimni ko‘z oldimga keltirib, to‘g‘ri va adolatli munosabatda bo‘lishga intildim...Xullas, turmushimda juda murakkab vaziyat yuzaga keldi...Ajrashishga qaror qildim.
– Yaxshi kelin bo‘la oldingizmi?
– Qaynonam uchunmi? Qaynonam Moskvada istiqomat qiladi...
– Siz uchun ideal oila bormi?
– Qarindoshlarim orasida bor. To‘g‘ri, kelishmovchilar har qanday oilada uchraydi. Nazarimda, muhabbat va ishonch asosida qurilgan oila juda mustahkam bo‘ladi. Er va xotin o‘zi uchun emas, ko‘proq oilasi uchun qayg‘ursa, u har qanday to‘fonga chiday oladi. Hurmat yo‘qolsa, muhabbat o‘z– o‘zidan yo‘qolarkan!
– Sizda sevgiga bo‘lgan ishonch o‘z kuchidami?
– Albatta. Sevgiga ishonchim yo‘qolsa, qo‘shiq kuylashdan to‘xtagan bo‘lardim. Muhabbatning cheki yo‘q. Allohga, Vatanga, oilaga, farzandga...Sevgi faqat er– xotin o‘rtasi bilan chegaralanmaydi– ku, axir! Shu qadar turfa, shu qadar ajoyib tuyg‘u!
– Shu kunlarda yolg‘iz qolganingizda nimalar haqida o‘ylayapsiz?
– (O‘ylanib). Oldin kelajak haqida o‘ylardim. Biroq, kelajak sen qanday o‘ylashingdan qat’iy nazar, taqdirda yozilgani kabi sodir bo‘lishini tushundim. Shuning uchun hozirim, bugunim bilan rohatlanishni istayman. Oldinlari achinsam, hozir lahzalarimga oshno tutinaman. Hayotimda, atrofimda qanchalar qiyin holat bo‘lmasin, baxtli onlarimni baribir topishga urinaman. Vaqt o‘tgan sayin yaxshilikning qadriga yetib borayapman.
– Munisa Rizayeva va Tohir Sodiqovning “Yoshlar” kanalidagi chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda rosa muhokama bo‘lmoqda. Bu ikki yulduzni kulguga qoldirgan video ko‘p estrada xonandalari uyalib qolmasliklari uchun ham milliy qo‘shiqlarimizni ham kuylab, o‘rganib turishlari kerakligini yodga soladigan bir dars bo‘ldi– yov?!
– Balki, ular to‘g‘riroq kuylashga urinib ko‘rishganidan shunday tuyulgandir?! Har biri o‘zi his qilganicha kuyladi. Biroq, men TVda ko‘rmadim...Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘tgani o‘tgan yilda o‘tdi. Hozir yangi yil! Yangi konsertimda men ham xalq qo‘shiqlarimizdan popurri kuylayman. Ustimdan kulishsa, boshqa kuylamayman (kuladi). Men ham o‘z uslubimda kuyladim. Uyda ham o‘zimcha kuylayman: “Erta bilan turaman, nahori nashta...(kuylay ketdi).
– San’atkor gonorariga yarasha kiyinib, o‘ziga qarab, el xizmatlariga kelsa, juda maqsadga muvofiq bo‘ladi. Biroq, ayrim xonandalarning sahnadagi chiqishlarini ko‘rib, tomoshabin ham uyalib ketadi...
– Har kimning o‘z yo‘li bor. Men hamisha o‘z ishimga mas’uliyatli bo‘lishga intilaman. Sahna uchun doim eng chiroylisini, eng yaxshisini tanlayman. Bu mening ishim, nonim. O‘z Ishim uchun pulni qizg‘onmayman.
– To‘ylarda “birrov” talashib qolishadi. Siz bunday vaziyatda qanday yo‘l tutasiz?
– Har doim daqiqama– daqiqa, o‘z vaqtida kelaman. Bir marta 2 daqiqa kech qolganimda, boshlovchi qiynalib qolganini aytgandi. Navbatimga tushmoqchi bo‘lgan san’takorlarga esa tushuntiraman. Aniq rejada yurganim uchun boshqa to‘y egalari oldida noqulay vaziyatga tushishni istamayman!
– Gauri Xon eri Shohruh Xonning “Yangi yil bilan” filmiga prodyuserlik qildi. Anjelina Joli ham eri Bred Pittning yangi filmi xarajatlarini o‘z bo‘yniga oldi. Madonna ham sobiq eriga moliyaviy yordam bergan. Balki siz ham Yigitali ijrosidagi yangi filmga pul tikarsiz?
– Yo‘q!
– Bu qat’iy javobmi?Balki, fikringiz o‘zgarib qolar?
– O‘zgarmasligi aniq!
– O‘zingiz uchun sizni ranjitganlarning “qora ro‘yxat”ini tuzganmisiz?
– Yo‘q. Chunki, dilimni qattiq og‘ritganlarni ham vaqt o‘tib, chin dildan kechirim so‘rasa, yuragimda unga nisbatan xafagarchilikni unutaman!
– Demak, kechirimlisiz. Ajrashish uchun sudga ariza yozgan eringizni– chi? Uni kechirishga kuch topishingiz shu qadar qiyinmi?
– Xafa bo‘lgan insonlarimni kechirib, yuragimdan qo‘yib yuboraman. Turmush o‘rtog‘imga kelsak, men uni kechirishim mumkin. Biroq, boshqa munosabat tiklamayman!
– Konsertlar, mashhurlik, boylik... Hammasini yo‘qotganingizda ham, siz bilan nima qolishini istardingiz?
– Toza qalbim! Bu hayotga mehmonmiz. Hozir yoshim 36 da. Hanuz 25 yoshda yurgandekman. Qarang, vaqt yugurishini?! Ko‘z ochib yumguncha, 40, 50, 60 ga ham kirib qolamiz... Eng muhimi, gunohga botmasdan, yuragimizni tozalashga ulgurmog‘imiz darkor! Hamma narsa vaqtinchalik. Toza yurakni saqlash esa bosh maqsaddir!