FIFA hakamlar qo‘mitasi 14-yanvar kuni 2014-yilgi mundialda
ishlaydigan 25 ta hakamlar brigadalarini tasdiqladi. Unga ko‘ra,
O‘zbekistonlik FIFA hakami Ravshan Ermatov o‘z brigadasi bilan 2014-yil
Braziliyada bo‘lib o‘tadigan mundialda qatnashadigan bo‘ldi.
Osiyodan quyidagi hakamlar JCh-2014da ishtirok etadilar: Ravshan
Ermatov (O‘zbekiston), Yuichi Nishimura (Yaponiya), Navaf Shukrulla (Bahrayn),
Benjamin Uilyams (Avstraliya).
Ushbu ro‘yxatda shuningdek: Feliks Brix (Germaniya), Junayd
Chaqir (Turkiya), Pedro Proyensa (Portugaliya), Nikola Ritsoli (Italiya),
Karlos Velasko Karbalo (Ispaniya), Hovard Uebb (Angliya) kabi muxlislarimizga
yaxshi tanish bo‘lgan hakamlarni ham uchratish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Ravshan Ermatovga qanotlarda Abduhamidullo
Rasulov va Bahodir Qo‘chqorov yordam beradilar.
E’tirof etish kerak, Ravshan Ermatov nafaqat O‘rta Osiyo,
balki MDH hududidan jahon chempionatiga boradigan yagona hakamdir.