Quyosh energiyasida ishlaydigan Cobalt namoyish qilindi
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan tadbirkorlar, fermerlar va hunarmandlar o‘rtasidagi “Tashabbus-2015” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida quyosh batareyalaridan quvvat oladigan Cobalt avtomobili namoyish qilindi. Mashina Xorazmda faoliyat yuritayotgan AutoLADA korxonasi tomonidan taqdim qilindi.
Kompaniya vakilining Kun.uz muxbiriga bergan ma’lumotlariga qaraganda, mashinaning orqa oynasi ostiga va yukxonasiga o‘rnatilgan quyosh panellari va tegishli jihozlar mashinaga ham quyosh nuridan, ham elektr tarmog‘idan quvvatlantirishga imkon beradi. Quvvatlantirish jarayoni 4-5 soat davom etadi. To‘la quvvatlantirilgan batareya mashinaga 90 km masofani bosib o‘tishga yordam beradi.
Bundan tashqari, aytilishicha, mashinaning tomiga qo‘shimcha batareyalar o‘rnatish va elektr zaxirasini ko‘paytirish mumkin bo‘ladi.
Mashinani bunday batareyalar bilan jihozlashga 15-20 mln sarflanadi. Kelajakda uning narxini sezilarli darajada tushirish rejalashtirilmoqda.