Qozog‘istonda yana bir avtobusdan 58ta hamyurtimiz qutqarib qolindi
Qozog‘istonning Pavlodar viloyatida muzlab borayotgan avtobusdan 58 nafar o‘zbekistonlik qutqarib qolindi.
Tengrinews.kz nashrining bildirishicha, Toshkentdan Krasnoyarskka ketayotgan avtobus Pavlodar viloyatidagi Shchederti posyolkasi yaqinida ishdan chiqqan.
Qutqarilgan o‘zbekistonliklar posyolkadagi isinish punktiga olib borilgan va isitilgan avtobus hamda yo‘lovchilar favqulodda holatlar vazirligi xodimlari tomonidan Pavlodargacha kuzatib borilgan.
22 yanvarga o‘tar kechasi Petropavlovsk – Sariog‘och yo‘nalishida Van Hool markali avtobus havo sovuqligidan dizel yonilg‘isi muzlab qolishi tufayli yo‘lda to‘xtab qolgani va undan O‘zbekistonning 41 fuqarosi hamda 2 qozog‘istonlik haydovchi qutqarib qolingani xabar qilingandi.
18 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumanidan o‘tuvchi "Samara-Chimkent" avtomobil yo‘lida avtobus yonib ketishi oqibatida 52 o‘zbekistonlik nobud bo‘ldi.