Toshkentda “Do‘stlik” metro bekati yaqinida avtobus yonib ketdi
Toshkentning “Tuzel” dahasidan “Jomiy”ga qatnovchi 148-avtobusda 14-iyul kuni soat 8:30 atrofida yong’in yuzaga keldi. Bu haqda Uz24 xabar berdi.
Yo‘lovchilar avtobus kinoteatr yaqinidagi “Lisunova” bekatiga kelganda yong‘in hidini sezib, haydovchiga xabar bergan. Biroq u buni e’tiborsizlik bilan qabul qilib, yo‘nalishda davom etgan. “Do‘stlik” metro bekatiga kelganda esa to‘xtashga majbur bo‘ldi.
Bu vaqtda esa avtobus eshiklarining avtomatik tarzda ochilib-yopilish tizimi ishlamay qoldi. Yo‘lovchilarni avtobusdan chiqarish uchun haydovchi favqulodda holatlar uchun mo‘ljallangan tizimdan foydalanishga majbur bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hech kim jabrlanmagan.
Avtobusning yonib ketishiga mashinaning elektr tizimidagi simlar sabab bo‘lgan, deb taxmin qilinmoqda.