Jahonga mashhur qo‘shiqchi Prins 21 aprelda o‘zining Minneapolis yaqinidagi Peyshli park turar-joy mulkida o‘lik holda topildi.
Prins jasadi ertalab topilgan, qutqaruv xizmatiga bu haqdagi xabar mahalliy vaqt bilan soat 9.43 da tushgan. To‘liq ismi Prins Rodjers Nelson bo‘lgan qo‘shiqchi bundan 6 kun avval shamollash alomatlari bilan shifoxonaga yotqazilgandi.
Qo‘shiqchi 1958 yilda Minneapolisda tug‘ilgan. U o‘z musiqiy faoliyatini ritm-end-blyuz yo‘nalishidan boshlab, fank, jaz ijrochisi sifatida nom chiqargan. Qo‘shiqchi musiqiy iste’dodidan tashqari, o‘zining yorqin imiji va mojarolarga sabab bo‘luvchi xatti-harakatlari bilan ajralib turgan.
Musiqachi ommani nafaqat musiqasi va kiyimlari bilan, balki 1993 yilda o‘z taxallusini erkak va ayol ramzini bildiruvchi belgilardan iborat, talaffuz qilib bo‘lmaydigan emblemaga o‘zgartirgani bilan ham hayron qoldirgan. Bundan keyin uni "avval Prins nomi bilan ma’lum bo‘lgan artist" deb atay boshlashgan.
Qo‘shiqchi hammasi bo‘lib 39 ta albom yozgan. Uning oxirgi albomi 2015 yilda chiqqan. Qo‘shiqchining eng mashhur qo‘shiqlaridan biri Purple Rain (Binafsharang yomg‘ir) qo‘shig‘i hisoblanadi.