Qo‘qonda talaba qizlar yotoqxonasiga kamera o‘rnatilgani fosh bo‘ldi
Qo‘qon pedagogika instituti talabalar (qizlar) yotoqxonasi xonalaridan biriga kuzatuv kamerasi o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qo‘qon pedagogika instituti talaba qizlaridan biri bugun, 4 aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy telegram kanalining muloqot botiga qizlar yashaydigan talabalar turar joyi xonalaridan biriga kuzatish kamerasi yashirincha o‘rnatilgani haqida ma’lumot berdgan.
Vazirlik Axborot xizmati shikoyat qilgan qiz bilan suhbatlashgach, vazirlikning Farg‘ona hududiy boshqarmasi mas’ullari tomonidan Qo‘qon pedagogika institutiga borib, vaziyatni o‘rganilgan.
O‘rganish natijasida qizlarning xonasiga videokamera o‘rnatilgani aniqlangan.
“Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu voqea yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishini va aybdor shaxslar aniqlangach, ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.