Qirg‘izistonda tenge kursi milliy valyuta – somga nisbatan keskin qadrsizlandi. 20 avgust ertalab 1 som 3 tengega baholangan bo‘lsa, kun yarmida uning narxi 5 tengega teng bo‘ldi. Bishkekning ko‘plab ayirboshlash shoxobchalari Qozog‘iston valyutasini sotib olmay qo‘ydi.
O‘z navbatida, dollar kursi ko‘tarila boshladi. Ertalab 1 dollar 61-62 somni tashkil qilgan bo‘lsa, kun o‘rtasida 64-65 somga yetdi.
“Valyuta kurslarining bunaqa o‘ynashi Xitoy yuan kursini erkinlashtirganidan so‘ng boshlandi. Yuanni hech kim olmayapti. Bugun Qozog‘iston ham shu ishni takrorladi. Endi tengeni ham hech kim sotib olmayapti. Valyuta kursi har yarim soatda o‘zgarib turibdi, ulgurmay qolyapmiz”, – dedi ayirboshlash shoxobchalaridan birining xodimi Chinira Aqmatova.
Qirg‘iziston milliy banki mutasaddilarining aytishicha, Qirg‘iziston valyuta bozoridagi vaziyat Qozog‘istondagi voqealarning ta’siridir. Milliy bank valyuta kursiga ta’sir o‘tkazish huquqiga ega emas. 1992 yildan buyon som erkin “suzishga” qo‘yib yuborilgan bo‘lib, bozor bilan tartibga solinadi.